Suv ta’minotidagi islohotlar o‘z samarasini bermoqda
Inson hayotini toza ichimlik suvisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Suv — salomatlik, farovon turmush va barqaror taraqqiyotning eng muhim omillaridan biri. Shu bois keyingi yillarda mamlakatimizda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, oqova suv tizimini modernizatsiya qilish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Ayniqsa, Prezidentimiz rahnamoligida “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar chekka va olis hududlarda yashovchi aholi hayotida ham sezilarli o‘zgarishlar yasayapti. Bir paytlar ichimlik suvini uzoq masofadan tashib ichishga majbur bo‘lgan mahallalarda bugun zamonaviy suv tarmoqlari qurilmoqda, yangi quduqlar qazilmoqda, oqova suv tizimlari yangilanmoqda. Eng muhimi, odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanmoqda.
Bundan yetti-sakkiz yil muqaddam Sirdaryo viloyatida suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar aholini jiddiy qiynab kelardi. Markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi atigi 63,9 foizni tashkil etgan. Ko‘plab mahallalarda aholi ichimlik suvini maxsus texnikalar orqali yoki uzoq manbalardan tashib iste’mol qilardi. Ayniqsa, yozning jazirama kunlarida suv tanqisligi aholi uchun katta muammoga aylanar, oqova suv tizimidagi kamchiliklar esa sanitariya holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatardi.

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining sohani tubdan isloh qilishga qaratilgan qaror va farmonlari bu borada yangi bosqichni boshlab berdi. Xususan, 2020-yil 25-sentabrdagi “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish hamda sohadagi investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni, 2022-yil 22-iyuldagi “Ichimlik suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida”gi qonun hamda 2024-yil 24-oktabrdagi “Ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror sohadagi islohotlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi.
Bu hujjatlar sohada faqat qurilish ishlarini ko‘paytirish emas, balki tizimni to‘liq modernizatsiya qilish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, suv yo‘qotishlarini kamaytirish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Natijada Sirdaryo viloyatida keyingi to‘qqiz yil davomida ichimlik va oqova suv ta’minotini yaxshilash uchun jami 2,6 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan 2,35 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, 332 kilometr oqova suv tarmoqlari, 423 ta ichimlik suvi inshooti hamda 16 ta oqova suv inshooti qurilib, foydalanishga topshirildi.

Eng muhimi, bu ishlar raqamlarda emas, odamlar hayotida o‘z aksini topmoqda. Bugungi kunda viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 88,4 foizga yetdi. Bu minglab xonadonlarga toza suv kirib bordi, degani. Bu onalarning suv tashish tashvishidan qutulgani, bolalarning sog‘lom muhitda ulg‘ayayotgani, nuroniylarning og‘ir mehnatdan xalos bo‘layotgani demakdir.
Misol uchun, Sardoba tumanida amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar natijasida 236 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari va 18 ta suv inshooti qurildi. Ilgari aholining atigi 13 foizi markazlashgan ichimlik suvidan foydalangan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 94,2 foizga yetdi.
Mirzaobod tumanida ham bu borada salmoqli ishlar amalga oshirildi. Tinchlik, Oqoltin, Mirzacho‘l, Dehqonobod, Toshkent, Yo‘ldoshobod va Bahoriston mahallalarida yangi suv tarmoqlari tortilishi, quduqlar qazilishi va suv inshootlarini rekonstruksiya qilish orqali aholining ichimlik suvi ta’minoti sezilarli darajada yaxshilandi. Eng e’tiborli tomoni, tuman aholisi bu o‘zgarishlarni katta mamnuniyat bilan qarshi olmoqda.

– Ilgari suvni tashib ichardik. Qishda sovuqda, yozda jazirama issiqda suv izlab yurish oson emasdi. Endi esa xonadonlarimizga toza suv kirib keldi. Buni so‘z bilan ifodalash qiyin. Bolalarimiz uchun ham sharoit yaxshilandi, – deydi Mirzaobod tumanida yashovchi Odil Po‘latov.
Xovos tumanining olis hududlaridan biri Paxtakor mahallasidagi o‘zgarishlar ham islohotlarning amaliy samarasini yaqqol namoyon etmoqda. Uzoq yillar davomida ichimlik suvi va oqova suv tizimi bilan bog‘liq muammolardan qiynalib kelgan aholi bugun amalga oshirilayotgan ishlardan mamnun.
Mahalladagi 14 ta ko‘p qavatli uyda yashovchi 168 ta xonadon uchun 5 kilometrlik yangi suv tarmog‘i tortildi. Zamonaviy suv hisoblagichlari o‘rnatilib, toza ichimlik suvi xonadonlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritilmoqda. Shu bilan birga, eskirgan oqova suv tarmoqlari ham to‘liq rekonstruksiya qilinmoqda.

– Ilgari suv muammosi tufayli juda qiynalardik. Ayniqsa, bolalar va keksalar uchun qiyin bo‘lardi. Endi esa uyimizga toza suv kirib kelyapti. Kanalizatsiya tizimi ham yangilanyapti. Bu biz uchun katta quvonch, – deydi mahalla fuqarosi Shoira Boboyeva.
– Bilasizmi, odamlar faqat muammo haqida gapirardi. Endi esa qurilayotgan yangi tarmoqlar, obod bo‘layotgan ko‘chalar haqida mamnuniyat bilan so‘zlayapti. Eng muhimi, aholida davlatga ishonch ortmoqda, – deydi mahalla faoli To‘xta Mirzayev.
Darhaqiqat, bugungi islohotlarning eng katta samarasi ham ana shunda — odamlarning kayfiyati, hayotga munosabati o‘zgarmoqda.

Ayni paytda sohada xalqaro moliya institutlari ishtirokida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Islom taraqqiyot banki ishtirokida qiymati 57,5 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlarida kanalizatsiya tizimlari rekonstruksiya qilindi. Natijada 135,7 ming nafar aholi markazlashgan oqova suv xizmati bilan qamrab olindi.
Shuningdek, Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida qiymati 76 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida yangi suv quduqlari, suv tarmoqlari, nasos stansiyalari va oqova suv inshootlari qurilmoqda.
Albatta, sohada hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p. Ayrim magistral quvurlar eskirgan, ba’zi mahallalarda suv ta’minoti hali ham to‘liq yechimini topmagan. Masalan, Guliston shahri, Boyovut va Xovos tumanlaridagi ayrim quvurlar o‘tgan asrning 70-80 yillarida qurilgan bo‘lib, ularni bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilish talab etilmoqda.

Biroq eng muhimi, muammolar yashirilayotgani yo‘q. Ular ochiq muhokama qilinib, aniq rejalar asosida hal etilmoqda. Deputatlik nazorati yo‘lga qo‘yilgani, har bir ob’ektga mas’ullar biriktirilgani ham bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Sirdaryo suv ta’minoti” AJ rahbari Shahboz Akromovning ta’kidlashicha, aholini uzluksiz va sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash sohadagi eng ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.
– Prezidentimizning chekka hududlarda istiqomat qilayotgan aholi uchun munosib shart-sharoit yaratish bo‘yicha bergan topshiriqlari asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Eng asosiy maqsadimiz — har bir xonadonga sifatli va barqaror ichimlik suvini yetkazib berish, — deydi u.
Haqiqat shuki, bugun Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar oddiy qurilish yoki rekonstruksiya emas. Bu inson qadrini ulug‘lash, odamlar turmushini yengillashtirish, aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan ezgu islohotlardir.
Eng muhimi, endi odamlar suv tashib emas, orzu-umid bilan yashayapti. Bu esa islohotlarning eng katta natijasidir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri