Ogohlik va tayyorgarlik sinovi
Jizzax viloyatida yoz mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholi xavfsizligini ta’minlash va fuqarolarning ogohligini oshirishga qaratilgan matbuot anjumani hamda press-tur tashkil etildi.
Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tashabbusi bilan “Yoz mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlardan aholi va hududlarni muhofaza qilish borasida olib borilayotgan ishlar” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda tegishli hamkor tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar ishtirok etishdi.
Ochiq muloqot tarzida kechgan anjumanda yoz oylarida aholi xavfsizligini ta’minlashning dolzarb yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, suv havzalarida cho‘kish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish, bolalar oromgohlarida xavfsizlik choralarini kuchaytirish, yuqumli kasalliklar profilaktikasi hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
[gallery-29685]
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan mavzu yuzasidan zarur tushuntirishlar berilib, ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga batafsil javob qaytarildi.
Press-turning amaliy qismi ayniqsa qiziqish uyg‘otdi. Unda suvda cho‘kayotgan insonni qutqarish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Shuningdek, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda foydalaniladigan maxsus texnika, qutqaruv vositalari va zamonaviy asbob-uskunalar ishtirokchilarga yaqindan tanishtirildi.
Mutasaddilar ta’kidlaganidek, bunday tadbirlar aholini yoz mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlardan ogohlantirish, xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish va bu boradagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari