Suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari - Suv xo‘jaligi ob’ektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori Zokir Ishpulatov Buloqboshi tumanida mutasaddi tashkilotlar, fermer xo‘jaliklari hamda aholi vakillari bilan uchrashdi.
Norin–Qoradayoq irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi, suv xo‘jaligi hududiy tashkilotlari rahbarlari ishtirokida o‘tgan uchrashuvda tumanda suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar atroflicha muhokama qilindi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tumanda qariyb 10 ming gektar sug‘oriladigan yer maydoni mavjud bo‘lib, ularga 483,5 kilometr sug‘orish tarmog‘i va 5 ta nasos stansiyasi orqali suv yetkazib beriladi. Bu boradagi ishlar reja asosida, tizimli ravishda olib borilmoqda.
Uchrashuvda fermer xo‘jaliklari dala maydonlaridagi ekinlarni o‘z vaqtida sug‘orish, kanallarni tozalash va suv hisobini yuritish borasidagi kamchiliklarga e’tibor qaratildi.


Uchrashuvda Qumariq mahallasidagi «Jamshidbek Turg‘unov» fermer xo‘jaligi rahbari Ma’rufjon Nishonov 13 gektar, Jo‘rapolvon massividagi «Zamirabonu saxovati» fermer xo‘jaligi rahbari Davronbek Ahmadbekov 10 gektar bug‘doy maydoniga suv yetkazishdagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘mak so‘radi.
Mas’ullarga nasos stansiyasining ish rejimini o‘rganib, mazkur maydonlarni sug‘orish choralarini belgilash topshirildi.
Shuningdek, «Zuhriddin Sulaymonov», «Otabek Normatov yerlari», «Oxundada», «Qoraboyota», «Sarbontepa faxri» fermer xo‘jaliklari rahbarlari «Boy» hamda «Qaqir» xo‘jaliklararo kanalida loyqa to‘planishi suv oqimiga to‘sqinlik qilayotganini bildirib, ularni tozalash bo‘yicha yordam so‘radi. Mutasaddilarga ushbu tarmoqlarga texnika jalb etish, tozalash ishlarini belgilangan muddatlarda bajarish vazifasi qo‘yildi.
Uchrashuvda suv hisobi va taqsimotida aniq hisob-kitobni yo‘lga qo‘yishga doir takliflar ham bildirildi. «Muxtorjon To‘rashevich» fermer xo‘jaligi rahbari Zafar To‘rashev «Mustaqillik» kanalidan foydalanuvchi xo‘jaliklar o‘rtasidagi taqsimot muammosini hal etish uchun «Daxana-1» suv olish nuqtasida gidropost qurishni taklif etdi.
– Men xo‘jaligimiz dala maydonlariga suv kiradigan joyga o‘z hisobimdan o‘lchash qurilmasi o‘rnatganman, – deydi «Eko agro plyus» fermer xo‘jaligi rahbari Dilmurod Karimov. – Endi ushbu qurilma, gidropost pasportini tayyorlashimiz zarur. Menga shu masalada yordam ko‘rsatilsa, qiynayotgan bir muammo hal bo‘lar edi.
Vazir o‘rinbosari ushbu masala bo‘yicha mutasaddilarga inshootni ko‘zdan kechirish va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishga ko‘maklashish vazifasini topshirdi.
– Xo‘jaligimizning adirlikdagi ekin maydonlariga suv «Eshonariq» arig‘i orqali boradi, – deydi Raish mahallasidagi «Muhiddin Sotvoldiyev» fermer xo‘jaligi rahbari Bahrom Ko‘chkanov. – Tuproq o‘zanli ushbu ariqda suvning bir qismi yerga singib, dalaga yetib bormaydi. Shu sababli ariq betonlansa, suv isrof bo‘lishining oldi olinar, ekinlarni sug‘orish osonlashardi.


Mutasaddilarga ushbu masalani o‘rganish, aniq hisob-kitoblarga asoslangan taklif ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Uchrashuvda ko‘tarilgan barcha masalalar ijrosi nazoratga olindi. Har bir murojaatni belgilangan muddatda ko‘rib chiqish, natijasi haqida fermerlarga axborot berish hamda hududlardagi suv ta’minoti masalasini muntazam o‘rganib borish yuzasidan muhim vazifalar belgilab berildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri.