Suv resurslaridan samarali foydalanish e’tiborda
Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev hudud mas’ullari bilan birga Toshkent viloyatidagi suv xo‘jaligi ob’ektlarining kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarligi, nasos stansiyalarining texnik holati hamda yordamchi xo‘jaliklar faoliyatini o‘rgandi.
Xususan, Chirchiq–Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tasarrufidagi qator ob’ektlar, jumladan, “Toshkent” magistral kanali bosh inshooti hududidagi markazlashgan “Yordamchi xo‘jalik”, O‘rta Chirchiq tumanidagi “Angor-2” nasos stansiyasi hamda “Toshkent” suv omboridagi mavjud holat ko‘zdan kechirildi.
“Toshkent” magistral kanali bosh inshooti hududida tashkil etilgan yordamchi xo‘jalikda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, bo‘sh yer maydonlarini maqsadli o‘zlashtirish va qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Faoliyat ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

“Angor-2” nasos stansiyasida inshootning texnik imkoniyatlari va ish jarayoni bilan bir qatorda yordamchi xo‘jalik faoliyati ham ko‘rib chiqildi. Chorva mollari sonini ko‘paytirish, parrandachilikni yo‘lga qo‘yish va xo‘jalikning iqtisodiy samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shuningdek, nasos agregatlarini mavsumiy yuklamalarga tayyorlash, ularni o‘z vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazish va ta’mirlash ishlarini kechiktirmaslik zarurligi ta’kidlandi. “Toshkent” suv omborida esa gidrotexnika inshootlarining ishonchli faoliyatini ta’minlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va belgilangan vazifalar ijrosi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

O‘rganishlar yakunida mas’ul rahbarlarga kuz-qish mavsumida suv xo‘jaligi ob’ektlarining barqaror ishlashini ta’minlash, mavjud texnika va gidromexanik jihozlarni soz holatda saqlash, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda belgilangan vazifalar ijrosini qat’iy nazoratga olish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
A.Musayev,O‘zA