Onamga o‘xshaysan, oltin kuz...
Kuz fasli shoir talqinida
Mening kuzga mehrim bo‘lakcha. Sababini o‘zim yaxshi bilmayman.
Lekin kuzning sokinligi, yozdan keyin kutilgan salqin havosi,
anhor, soylarning osmonday tip-tiniqligi, o‘quvchi, talabalarning ko‘cha-ko‘ylarni to‘ldirib yurishlari, kechalarning fusunkorligi, daraxtlarning oltin rangiga kirishlari dilimga xush yoqadi.
Kuzning kelganiga daraxtlar guvoh,
Oltinday sarg‘ayib borar barglari.
Paxtazor guvohdir – ochilar oppoq,
Guvohdir quyosh ham – toza nurlari.
Guvohlikka o‘tar: to‘kin bog‘lar ham,
Hosildan qaddini tutolmay doldir.
Guvohlikka o‘tar: sokin tog‘lar ham,
Go‘yo hilpirashdan to‘xtagan yoldir.
Guvohlikka o‘tar: tiniqqan anhor,
Tubida billurday yarqirar toshlar.
Guvohlikka o‘tar, g‘arq pishgan anor,
Dillarni ajib bir hislarga boshlar.
Guvohlikka o‘tar, yurtim ko‘kida
Olisga yo‘l olgan turna karvoni.
Guvohlikka o‘tar: shoir ko‘nglida
Azob berayotgan yillar armoni.
Agar kuzda daraxtlarga e’tibor bersangiz, ularning barglari birdaniga emas, asta-sekinlik bilan tushayotganiga guvoh bo‘lasiz. Axir, barglar qariyb bir vaqtda paydo bo‘lishadi, bir vaqtda o‘sib-unishadi. Ammo bu sirli holat nega yuz beradi? Buning sababini biror joyda o‘qimadim yoki birovdan eshitmadim ham. Balki Yaratgan yon-atrofning birdan xunuklashib qolishini istamasdir. Nima bo‘lganda ham barglarning to‘kilishi kishini o‘yga toldiradi, bu dunyodan o‘tgan yaxshi insonlarni beixtiyor yodga soladi.
Og‘ir yukdan xalos bo‘lgan yo‘lovchi –
Daraxtlar turarlar bargsiz so‘ppayib.
Ularning ko‘nglida dalda – qo‘llovchi –
“Yana bahor kelar sepini yoyib!”
Yaproqlar ingraydi oyoq ostida:
“Umr o‘tkinchidir – qisqa naqadar.
Dunyoga qanchalik mahkam osilma,
Uni tark etasan bir kun, birodar!”
Bandidan uzilgan yaproqqa qarab,
O‘yga cho‘mdim o‘tgan yaxshilar haqda.
Xuddi shu yaproqday ular ham, yorab,
Benasib bo‘lganlar yashash baxtidan.
Lekin ular umri yaproqqa o‘xshab,
Xazonga do‘nmagan – aylangan nurga.
Turarlar qalblarga ziyo bag‘ishlab,
Ular yashayapti biz bilan birga.
Bolalik va yoshlikni umrimizning bahori desak, umrimizning o‘rtasini yozga mengzaymiz, keksalikni esa kuz fasliga o‘xshatamiz. Darhaqiqat, kuzda barcha nozu ne’matlar, dehqonlarimizning ekib, parvarishlagan poliz ekinlari, sabzavotlar pishib yetiladi, paxta xirmonlari bo‘y ko‘rsatadi. Insonning ayni keksalik paytida ham u tomonidan oshirilgan ishlarning natijasi namoyon bo‘ladi. Kimdir bundan xursand bo‘lsa, kimdir afsus chekadi. Axir nima eksang, shuni o‘rasan degan gap bekorga aytilmagan-da.
Umrning bahori bo‘lgani misol,
Kuzi ham bir kuni kelar albatta.
Hatto o‘zingga ham keladi malol,
Pushaymonlar cheksang gar o‘sha paytda.
Dilim, shul sababdan bo‘l doim bedor,
G‘aflatga berilma, qochgil oromdan.
Barcha fasllarday o‘tkinchi bahor,
Sen unga ishonib, qolma armonda.
Umrning kuzida sen bergil hosil,
Aylansin dillarning mangu mulkiga.
O‘shanda kechirgan hayoting asl,
O‘shanda qolmassan ta’na, kulguga.
Nasihat demagil, dilim sen buni,
Bu mening so‘zimmas – aytgan donolar.
O‘ylaganim kabi shu buguningni,
Ertang haqida ham surgim xayollar.
Onalar bolalarining o‘z bag‘rilarida bo‘lishni istaydi. Afsuski, buning doimo ham imkoni bo‘lavermaydi. Masalan, men maktabni Jizzaxning G‘allaorol tumanida tugatganman. Keyin poytaxtimizga kelib, universitetda o‘qishni davom ettirganman. Onam esa mening kelishimni intiq bo‘lib kutardilar. Albatta, biz bolalar sog‘inchi bilan onalar sog‘inchi o‘rtasidagi farq juda katta bo‘ladi. Biz bolalar o‘z ish, o‘qishimiz bilan andarmon bo‘lib, ulardan tez-tez xabar olmaymiz. Onalar esa bizni g‘oyatda intiq bo‘lib kutishadi, diydorimizni qo‘msab yashashadi. Ularning xuddi kuz fasliday o‘ychan, g‘amgin bo‘lib qolishlariga biz farzandlar sabab bo‘lishimizni ko‘pincha o‘ylab ham ko‘rmaymiz.
Judayam onamga o‘xshaysan, ey kuz,
U ham xuddi senday g‘amgin, o‘ychandir.
Bag‘ridan sitilib ketdik endi biz,
O‘ychan, g‘amginligi balki shundandir.
Xazina topganday ketar quvonib,
Shahardan qishloqqa borsam har safar.
Kuzatib qoladi ko‘zga yosh olib,
Ostonadan tortib ko‘chaga qadar.
Bu ayriliqlarga aslo chek yo‘qdir,
Shuni o‘ylaymanu ezilar bag‘rim.
Onajon, aybdor o‘g‘lingni kechir,
Men sabab hech qachon arimas darding.
Faqat bir narsa bor – ko‘nglimga dalda,
U – yozgan she’rlarim – to‘plagan mulkim.
Agar dil tug‘yoni – she’r bo‘lmaganda,
Onajon, bag‘ringda qolardim balkim.
Biz qushlarni ba’zan bevafolikda ayblaymiz. Darhaqiqat, qushlar butun dunyoni o‘zlariga vatan deb bilishadi. Ammo aslida shundaymikan? Mening o‘ylashimcha, ular boshqa yurtlarga faqat sharoit yuzasidan, boshqacha aytganda ilojsizlikdan ketishadi . Chunki ular ketishmasa sovuqdan halok bo‘lishlari mumkin-da. Ammo ular bahor kelishi bilan yurtimizga yana qaytib kelishadi. Masalan qaldirg‘ochlarni olaylik. Ular bahorda kelishib, hatto xonadonlarimizga uya qurishadi. Bizlardan cho‘chishmaydi ham. Bizlarni o‘zlariga do‘st, yaqin tutishib, hatto bolalarini ham ko‘z o‘ngimizdi parvarishlab, uchirma qilishadi. Eng qizig‘i, kuzda janubiy yurtlarga uchib ketishsa, bahorda yana adashmay o‘z inlariga qaytib kelishadi. Endi ularni haqiqiy vatanparvar demasdan bo‘ladimi?!
Nahotki qushlarda yo‘q bo‘lsa vafo,
Tashlab ketaversa yurtni qayg‘usiz?
Nahotki shunchalar loqayd, beparvo,
Ularga yotmikan Vatan tuyg‘usi?
Yo‘q, butun zamindir qushlar vatani,
O‘ylariga kelmas tortmoq chegara.
Bolalarin sevgan onalar kabi,
Hamma o‘lkalarni birdek sevarlar.
Qushlar qaysi yurtga yo‘l olsalar ham,
U joyga bahorni boshlab borishar.
Ha, qushlar qadami eng qutlug‘ qadam,
Ular kelgandanoq kunlar yorishar.
Qushlar ketishidan buzilar ko‘ngil,
Lekin qaylardadir bahor boshlanar.
Mehribon otaday tilayman oq yo‘l,
Shabnamli maysaday ko‘zim yoshlanar.
Kuz chog‘larida kechasi tog‘da bo‘lsangiz, ajib bir kayfiyat, his-tuyg‘ular qalbingizni chulg‘ab oladi. Tog‘larning ulkandan ulkan soyasi, etni junjiktiruvchi, ammo yoqimli shamoli, tiniq havosi ruhingizni ko‘taradi, ona tabiat va yurtga bo‘lgan mehringizni chandon oshiradi.
Baland cho‘qqilarni yoritar gulxan,
Biqirlab qaynaydi qumg‘ondagi suv.
Tog‘larning soyasi ulkandan – ulkan,
Yurakka soladi hayrat va g‘uluv.
Itlar posbon kabi yotadi sergak,
“Tiq” etgan tovushdan quloqlari ding.
Kun bo‘yi yo‘l boshlab toliqqan serka,
Ko‘zlarin yumgancha olmoqdadir tin.
Qo‘ylar nafasini sezgan bo‘rilar,
Olis-olislardan qoladi uvlab.
Yuzlarga muzdayin shamol urilar,
Ko‘zlardan uyquni yuborar quvlab.
Cho‘ponlar gurungi gulxanday qizir,
Ko‘k choy aylanadi davrada tinmay.
Yurak-yuragingdan tuyasan huzur,
To‘rg‘ay nolasiday yangraganda nay.
Chindan ham kuz ijodkorlar, ayniqsa, shoirlarga ilhom bag‘ishlaydigan go‘zal fasl. Biror shoir yo‘qki, kuzda she’r yozmagan bo‘lsa. Agar ijodini kuzatadigan bo‘lsangiz, ko‘pincha ularning eng yaxshi she’rlari kuzga bag‘ishlangan bo‘ladi. Buning asosiy sababi esa, boya aytib o‘tganimdek, O‘zbekiston kuzining naqadar go‘zalligi va betakrorligidadir.
Aslini aytganda she’r faslisan kuz,
Har shoir ko‘nglida ilhom parisi.
Qog‘ozlarga ko‘char she’rlar – olov so‘z,
Ularda aks etar yurak parchasi.
Meni ham, har safar kelganingda kuz,
Ilhom parilari keladi yo‘qlab.
Kulbamni yoritar tunlar oy, yulduz,
Ko‘zlarimni tark etadi uyqular.
Baxtiyor odam yo‘q, mendek yo‘q bu paytlar,
Bor g‘amu tashvishlar chiqar yodimdan.
Bir huzur tuyarman tengsiz jonimda,
Nurdek yog‘iladi ko‘ksimdan baytlar...
Kuz, sen bir bahona dilni bo‘shatdim,
Erk berdim polapon xayollarimga.
O‘zni osmondagi qushga o‘xshatdim,
Yetgudayman uchqur shamollaringga...
Turob NIYOZ,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir.
O‘zA