Surxondaryoda jinoyat sudlari olti oyda beshta oqlov hukmi chiqargan
Surxondaryo viloyati sudida 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari, odil sudlovni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda sudlarning o‘tgan davrda ko‘rgan jinoyat, fuqarolik hamda iqtisodiy ishlari, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning tahlili, huquqiy targ‘ibot ishlari xususida atroflicha ma’lumot berildi.
Qayd etildiki, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati, tumanlararo va tuman sudlari yilning o‘tgan olti oyida 11 ming 732 ta fuqarolik ishi va 5 ming 520 ta materialni ko‘rib, hal etgan. Shuningdek, 46 ming 68 ta sud buyrug‘i berilgan. Ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 602 taga ko‘paygan.

– Tugatilgan 17 ming 252 ta arizaning 13 ming 529 tasi yoki 78,4 foizi qanoatlantirildi, –deydi viloyat sudi raisi o‘rinbosari fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Navro‘z Rahmonov. – 2 ming 104 tasi yoki 12,2 foizi rad etildi. 75 tasi bo‘yicha fuqarolik ishi yurituvdan tugatilib, 1 ming 544 ta ish bo‘yicha da’vo arizalari ko‘rmasdan qoldirildi.
Surxondaryo viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati hamda tuman va shahar sudlari tomonidan o‘tgan davrda 2 ming 175 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, ular bo‘yicha 2 ming 788 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi chiqarildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 453 ta yoki 19,4 foizga ko‘pdir.

– Ko‘rilgan jinoyat ishlari chog‘ida 2 ming 788 shaxsdan 2 ming 99 nafariga ayblov hukmi, 5 nafariga oqlov hukmi chiqarilgan, – deydi viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Komiljon Nazarov. – 629 nafar shaxsga oid jinoyat ishi tugatilgan. Ayblov hukmi chiqarilgan ishlardan 185 nafariga jarima, 1 nafariga muayyan huquqdan mahrum qilish, 460 nafariga axloq tuzatish ishlari, 799 nafariga ozodlikni cheklash va 654 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Matbuot anjumanida jinoyat ishlari bo‘yicha o‘tkazilgan sayyor sud majlislari va viloyat iqtisodiy sudlarida ko‘rib chiqilgan iqtisodiy ishlar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Sud sohasini raqamlashtirish, sud tizimining moddiy ta’minotini yaxshilash, sudyalar korpusini malakali kadrlar bilan ta’minlash, “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida “Aqlli sud” zallari tashkil etish, sudlar faoliyatiga eng ilg‘or sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish, sudlarga zamonaviy binolar qurish, shuningdek, odil sudlov sohasi uchun kadrlar tayyorlashning zamonaviy, ixcham va optimal tizimini yo‘lga qo‘yish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Aholining sudga murojaat qilishiga oid masalalar to‘liq raqamlashtirilgani, ariza yo‘llash, ishda ishtirok etish, sud hujjatlarini olish va ishlarning ko‘rilishi haqida ma’lumot olish kabi xizmatlar Oliy sudning interaktiv xizmatlar portali orqali elektron shaklda amalga oshirilayotgani sudlar faoliyatining ochiqligini ta’minlab, aholining o‘z huquqlarini sud orqali himoya qilishda huquqiy ongi va madaniyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

Sud organlarida manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlab, bartaraf etish, oldini olish, shuningdek, sudlarda korrupsiyaga nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish yuzasidan 2026-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi ijrosi bo‘yicha tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr almashildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri