O‘zbekistonda umr davomiyligi ortib bormoqda: 34 yilda ko‘rsatkich 9 yoshga uzaydi
So‘nggi yillarda mamlakatda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, profilaktika ishlarini kuchaytirish va aholining turmush darajasini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.
Buni aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi ortib borayotgani ham yaqqol tasdiqlaydi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan 2025-yilda O‘zbekistonda doimiy aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,4 yoshni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 1991-yilga nisbatan qariyb 9 yilga oshgan.
Statistik ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, mustaqillikning dastlabki yillarida o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 66,4 yosh bo‘lgan bo‘lsa, keyingi yillarda izchil o‘sish kuzatilgan. Xususan, 2000-yilda mazkur ko‘rsatkich 70,8 yoshga, 2010-yilda 73 yoshga, 2024-yilda esa 75,1 yoshga yetgan. 2025-yilda esa bu raqam yana oshib, 75,4 yoshni tashkil qildi.
Ekspertlarning fikricha, umr davomiyligining uzayishi aholi farovonligi, sog‘liqni saqlash tizimining rivojlanishi, onalik va bolalik muhofazasi, profilaktik tibbiy ko‘riklarning kengayishi hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bilan bevosita bog‘liq.
Demografik ko‘rsatkichlardagi bunday ijobiy o‘zgarishlar O‘zbekistonda inson qadri va aholi salomatligini ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganining yana bir amaliy ifodasi hisoblanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA