O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida kinematografiya sohasidagi hamkorlik kengaymoqda
Barcha sohalarda olib borilayotgan izchil islohotlar madaniyat tizimida ham o‘z aksini topmoqda. Buning samarasini yangilanayotgan tizim va tobora ko‘lami kengayib borayotgan xalqaro hamkorliklarda ko‘rish mumkin.
Ana shunday hamkorliklarning uzviy davomi o‘laroq, Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov Xitoyning Guoli Media Group kompaniyasi Direktorlar kengashi raisi Din Syaotsyan boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida kinematografiya sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, qo‘shma kino loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Xitoyda faoliyat yuritayotgan zamonaviy kino shaharchalari, ularning texnik va ijodiy imkoniyatlari, shuningdek, kino mahsulotlarini prokatga chiqarish tizimini samarali tashkil etish bo‘yicha ilg‘or tajribalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Shuningdek, Xitoy delegatsiyasi a’zolari "O‘zbekfilm" kinostudiyasida bo‘lib, uning mavjud infratuzilmasi, texnik imkoniyatlari hamda kino mahsulotlarini ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish salohiyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tomonlar kinematografiya sohasida o‘zaro tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdilar. Natijada har ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan kelishuvlarga erishildi.
Sherbek Islomov, O‘zA