Surxondaryo shimol va janubni bog‘lovchi obod go‘shaga aylanmoqda
Muarrixlarning aytishicha, o‘tmishdan sayyoramizning ishonchli, qulay transport-savdo yo‘lagi sifatida tanilgan Termiz strategik joylashuvi tufayli Buyuk ipak yo‘li paydo bo‘lishidan ancha oldin ham muhim transport nuqtasi bo‘lib xizmat qilgan. Undan Hindiston va O‘rta Osiyoni bog‘lab turgan qadimgi shimoliy savdo yo‘li – Uttarapatxa o‘tgan. Keyinchalik Termiz Ipak yo‘lining asosiy tuguniga aylangan. Qadimgi va o‘rta asrlarda Buyuk ipak yo‘lining muhim logistika markazi sifatida Xitoy, Hindiston, Eron, Rim saltanati mintaqalarini bog‘lagan. Shimoldan So‘g‘d va Boxtarga, janubdan Hindiston va Hind okeani portlariga olib boruvchi yo‘llar Termiz orqali o‘tgan.
Shaharning eng yirik daryo o‘tish joyi – Amudaryodan yuklar va sayohatchilar kemalarda tashilgan. Karvon yo‘llari kesishmasidagi karvonsaroylarda savdogarlar va tuyali karvonlarning xavfsizligi ta’minlangan tunash, dam olish va ovqatlanish uchun ishonchli, strategik mavqeiga ega joy vazifasini bajargan. Асрлар davomida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida tabiiy ko‘prik vazifasini o‘tagan. Yevrosiyoni bog‘lagan.
Qadimdan tovar va xomashyoni bir davlatdan ikkinchisiga kam harajat bilan yetkazib berishda muhim rol o‘ynagan mamlakatimizning janubdagi darvozasi, afsuski, sho‘rolar davrida bu mavqeini ancha pasaytirdi. Termiz harbiylashgan yopiq shaharga aylandi. Yuklarni jo‘natishdan toki qabul qilib oluvchigacha eng tejamkor, qulay yo‘nalish bo‘lgan qadimiy tranzit markazning transportlar qatnoviga cheklov o‘rnatildi. Amudaryo sohilidagi daryo porti faqat sho‘rolar davlati manfaati uchun xizmat qilishga yo‘naltirildi. Karvonlar bilan kelgan taraqqiyot, madaniy, ilmiy aloqalar va dunyo savdogarlari bilan tovar ayirboshlash tarixga aylanib qoldi.
Mustaqillikning so‘nggi to‘qqiz yilida O‘zbekiston barqaror muloqot, ishonch va o‘zaro bog‘liqlik tizimini shakllantirishga qaratgan faol tashqi siyosat transport-logistika sohasini qayta tiklay boshladi. Endilikda savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, tranzaksiya xarajatlarini kamaytirish, transport hujjatlarini raqamlashtirish, qog‘ozsiz savdo mexanizmlarini joriy etish, aqlli transport yechimlarini qo‘llash, transchegaraviy yuk tashishlarning samaradorligi va shaffofligini oshirishga qodir xavfsiz, samarali va multimodal transport-logistika aloqalari rivojlanmoqda.
O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasidagi “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasidagi yirik transport-logistika majmuasi “Termez Cargo Center” logistika kompaniyasi kabi turli davlatlardan yuklarni qabul qilib olib, saqlash va yuk tashishga mo‘ljallangan zamonaviy yirik majmualarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislarning aytishicha, “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi Termiz-Karachi transport koridorining muhim bog‘lovchi qismi sifatida Hind okeani portlariga chiqish imkonini beradi. Yirik majmuadagi yiliga 900 ming tonna yuk aylanmasi quvvatiga ega yirik logistika markazida zamonaviy texnologiyalar asosida mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash inshootlari mavjud bo‘lib, yuklarni “Yagona darcha” tamoyili asosida tezkor rasmiylashtirish uchun barcha qulaylik yaratilgan. Bu yerdagi sharoitlar Surxon vohasiga kelgan xorijliklarda katta qiziqish o‘yg‘otmoqda. “Termez Cargo Center” logistika markaziga Afg‘oniston va boshqa mamlakatlarga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi maqomi berilgan.

Viloyatda zamonaviy logistika markazlari bunyod etilib, turli davlatlardan kelgan mahsulot va xomashyolarni qabul qilish, saqlash, boshqa mamlakatlardagi manzilgacha yetkazishning yo‘lga qo‘yilgani vohaning qadimdagi dovrug‘ini qayta tiklab, muhim transport koridori vazifasini bajarmoqda. Shuningdek, viloyatga xorij investitsisi kirib kelmoqda. Zamonaviy sanoat rivojlanib, xizmatlar ko‘rsatish sifati va samaradorligi oshayotir. Viloyatning eksport salohiyati yil sayin o‘sayotir. Jumladan, vohaning joriy yilning olti oyidagi tashqi savdo aylanmasi 465,7 million dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 91,5 million dollar yoki 24 foizga o‘sdi.
Bundan to‘qqiz-o‘n yil avval viloyatdan dunyoning sanoqli davlatiga mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, bu yil sayyoramizdagi 26 mamlakatga 18 turdagi raqobatbardosh mahsulot va xomashyo eksport qilinmoqda. Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya, Afg‘oniston, Gongkong, Xitoy, Pokiston singari davlatlar voha mahsulotlariga xaridorlar safida yetakchi o‘rinni egallamoqda.

Ayni paytda yaratilgan xalqaro yo‘laklar orqali nafaqat Surxondaryoda ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlar va xomashyo xorijga yuborilmoqda, balki jahonning turli davlatlaridan janub orqali boshqa mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Termiz o‘zining strategik va geosiyosiy joylashuvi bilan faqat O‘zbekiston uchun emas, balki butun Yevroosiyo qit’asida transport va logistika xabi sifatida muhim ko‘prik vazifasini bajarib, Markaziy Osiyo davlatlarini Afg‘oniston orqali Janubiy Osiyo, ya’ni Pokiston, Hindiston va Hind okeani portlari bilan bog‘laydigan eng qisqa tranzit yo‘nalishiga aylanmoqda. O‘tmishdagi tarixiy an’analar zamonaviy yangi transport koridorlari ko‘rinishida qayta bo‘y ko‘rsatmoqda. Yangi O‘zbekistonda barcha davlatlar bilan o‘zaro hamjihatlik, do‘stona muloqot va teng sheriklikka asoslangan manfaatli aloqalar yo‘lga qo‘yilayotir. Bularning barchasi Prezidentimiz g‘oyasi bilan xalqaro maydonda yuritilayotgan очiқ, pragmatik va faol tashqi siyosatning amaldagi samaralaridir.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri