Qashqadaryoda birja savdolari ishtirokchilari uchun seminar o‘tkazildi
Qashqadaryo viloyatida birja savdolari ishtirokchilari uchun o‘quv seminari o‘tkazildi. Raqobat qo‘mitasi tomonidan tegishli tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda monopolist korxonalar, ustav fondida davlat ulushi mavjud korxonalar hamda birja a’zolari ishtirok etdi.
Unda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari, birja savdolarida raqobat va shaffoflikni ta’minlash, yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi, shuningdek, “EBIRJA” elektron tizimida ishlash masalalari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Ma’lumki, ayrim muhim turdagi mahsulotlarni birja savdolari orqali realizatsiya qilish belgilangan. Xususan, yoqilg‘i-energetika sohasida 12 turdagi mahsulot 420 ta sub’ekt, kimyo sanoatida 21 turdagi mahsulot 48 ta sub’ekt tomonidan sotiladi. Agrosanoat kompleksida esa 13 turdagi mahsulot bo‘yicha 20 mingdan ortiq fermer va klaster sub’ektlari ishtirok etadi.
Amaldagi talablarga muvofiq, ayrim mahsulotlarning barchasi, ba’zilarining esa kamida 50 foizi birja orqali sotilishi belgilangan. Jumladan, Prezidentning 2021-yil 17-martdagi PQ-430-sonli qaroriga asosan sement ishlab chiqarish hajmining kamida 50 foizi birja orqali realizatsiya qilinadi. Monopolist va davlat ulushi mavjud korxonalar ishlab chiqargan sement esa to‘liq birja savdolari orqali sotilishi belgilangan.
Seminarda Raqobat qo‘mitasi bosh mutaxassisi Jamol Avazov, Birja ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash departamenti boshlig‘i Jahongir Madaminov hamda O‘zbekiston Respublikasi Tovar-xom ashyo birjasi Qashqadaryo viloyati filiali boshlig‘i o‘rinbosari Elbek Tojiyev ishtirok etdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.
[gallery-31158]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari