Superligada bugun uchta muhim bahs: «Paxtakor» Samarqandda, «Andijon» va «Surxon» uyda
Bugun Superliganing 19-tur bahslari davom ettiriladi.
O‘zbekiston Superligasining 19-turida bugun uchta uchrashuv o‘tkaziladi. «Andijon» «Xorazm»ni qabul qilsa, «Surxon» — OKMK bahsi Termizda bo‘lib o‘tadi. Turning markaziy uchrashuvlaridan biri esa Samarqandda «Dinamo» va «Paxtakor» o‘rtasida kechadi.
«Andijon» — «Xorazm»
So‘nggi turda «Andijon» safarda «Mash’al»ni 1:0 hisobida mag‘lub etib, muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Endi «burgutlar» o‘z maydonida «Xorazm»ni qabul qiladi.
Urganchliklar esa turnir jadvalining quyi qismidan uzoqlashish uchun ochkoga muhtoj. Shu sabab Andijondagi bahs mehmonlar uchun ham nihoyatda muhim.
Boshlanish vaqti: 19:00.

«Surxon» — OKMK
Termizda «Surxon» «konchilar»ni qarshi oladi. Mezbonlar avvalgi turda «Paxtakor» bilan safarda durang o‘ynab, poytaxtdan ochko bilan qaytgan. OKMK esa «Dinamo»ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergan.
Shu bois har ikki jamoa bugun yo‘qotilgan ochkolarni to‘ldirishga urinadi. «Surxon» uchun uy maydoni va muxlislar ko‘magi asosiy ustunliklardan biri bo‘lishi mumkin.
Boshlanish vaqti: 19:00.
«Dinamo» — «Paxtakor»
Turning eng qiziqarli uchrashuvlaridan biri Samarqandda bo‘ladi. «Dinamo» o‘z maydonida chempionlik uchun kurashayotgan «Paxtakor»ni qabul qiladi.
Samarqandliklar 18-turda OKMKni 1:0 hisobida mag‘lub etgan. «Paxtakor» esa «Surxon» bilan durang o‘ynagan.
«Sherlar» uchun bu uch ochko juda muhim: chempionlik poygasida har bir ochko qimmat. «Dinamo» esa o‘z maydonida yana bir yuqori o‘rindagi jamoaga qarshi ochko olishga harakat qiladi.
Boshlanish vaqti: 20:00.