«Sabah» uchun hal qiluvchi bahs: Raxmonaliyev jamoasi Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashadi
«Sabah» — «Hapoel Beer-Sheva» bahsi bugun Toshkent vaqti bilan 21:45 da boshlanadi.
Bugun UEFA Chempionlar ligasi pley-off bosqichi javob uchrashuvida «Sabah» o‘z maydonida Isroilning «Hapoel Beer-Sheva» klubini qabul qiladi.
Ozarbayjon chempioni birinchi uchrashuvda safarda 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Shu sabab «Sabah»ga asosiy bosqichga chiqish uchun kamida ikki to‘p farqi bilan g‘alaba kerak. 1:0 hisobidagi g‘alaba esa qo‘shimcha vaqtni yuzaga keltiradi.
Raxmonaliyev uchun yana bir katta sinov
O‘zbekistonlik yarim himoyachi Umarali Raxmonaliyev «Sabah»ning Chempionlar ligasidagi yurishida asosiy futbolchilardan biriga aylandi. UEFA ma’lumotiga ko‘ra, u bu mavsum saralashda yettita uchrashuv o‘tkazgan.
22 yoshli futbolchi o‘tgan mavsumda «Sabah» bilan Ozarbayjon chempionligini qo‘lga kiritib, jamoaning asosiy yarim himoyachilaridan biriga aylandi. Uning samarali o‘yini Fransiyaning «Lans» klubi e’tiborini ham tortgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
Bugungi uchrashuv Raxmonaliyev uchun ham muhim. «Sabah» g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga chiqsa, o‘zbekistonlik futbolchi Yevropa futbolining eng nufuzli turnirida yana bir tarixiy qadam tashlaydi.
«Sabah» — «Hapoel Beer-Sheva» bahsi bugun Toshkent vaqti bilan 21:45 da boshlanadi.