Superliga uchrashuvlarida "kuling-breyk" qanday qoʻllaniladi? OʻzFHM hakamlar uchun yangi tartibni tushuntirdi
OʻzFHM rahbari Maʼmur Saidqosimov ushbu tartibning mahalliy musobaqalarda qoʻllanilishi boʻyicha quyidagi tafsilotlarni ochiqladi.
Oʻzbekiston futbol hakamlari markazi (OʻzFHM) tomonidan Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi (IFAB) qoidalariga kiritilgan soʻnggi oʻzgarishlar yuzasidan maxsus seminar tashkil etildi. Unda yoz mavsumida oʻtkaziladigan milliy chempionat uchrashuvlarida futbolchilarning chanqogʻini bosish va tana haroratini meʼyorda ushlab turishi uchun beriladigan tanaffuslar ("cooling break") masalasi atroflicha muhokama qilindi.
OʻzFHM rahbari Maʼmur Saidqosimov ushbu tartibning mahalliy musobaqalarda qoʻllanilishi boʻyicha quyidagi tafsilotlarni ochiqladi:
Tanaffus belgilash tartibi: Oʻyin boshlanishidan avval uchrashuv komissari va bosh hakam stadiondagi havo haroratini tekshiradi. Harorat belgilangan meʼyordan yuqori boʻlgan taqdirda, oʻzaro maslahatlashgan holda har ikki taym oʻrtasida futbolchilarga suv ichib olish uchun 1 daqiqalik tanaffus beriladi.
Jahon chempionatidan farqi: FIFA shafeligida oʻtadigan mundial uchrashuvlarida ushbu tanaffuslar maxsus reglament asosida 2-3 daqiqa etib belgilangan edi. Mahalliy birinchilikda esa odatda 1 daqiqalik meʼyor qoʻllaniladi.
Vaqtni uzaytirish imkoniyati: Agar Oʻzbekiston Professional futbol ligasi (OʻzPFL) havo haroratining haddan tashqari koʻtarilishi sababli tanaffus vaqtini 2-3 daqiqagacha uzaytirish boʻyicha rasmiy tavsiya bersa, hakamlar ushbu koʻrsatma asosida vaqtni uzaytirish huquqiga ega boʻladi.
Maʼlumot uchun: IFAB qoidalariga koʻra, oʻyin davomidagi bunday toʻxtalishlar ikki turga boʻlinadi:
"Suv ichish tanaffusi" (drinks break) — davomiyligi 1 daqiqagacha;
"Salqinlanish tanaffusi" (cooling break) — davomiyligi 1 daqiqadan 3 daqiqagacha (tana haroratini tushirishga moʻljallangan).
Ushbu tanaffuslar uchun sarflangan barcha vaqt bosh hakam tomonidan har bir taym yakunida asosiy vaqtga qoʻshib beriladi. Qoidadan koʻzlangan asosiy maqsad — noqulay iqlim sharoitida futbolchilarning sogʻligʻini asrash va xavfsizligini taʼminlashdan iborat.