Superliga: «Neftchi»dan yirik g‘alaba, OKMK safarda irodali zafar quchdi, «Nasaf» esa ochko yo‘qotdi
Superligada 16-tur o'yinlari yakunlandi.
Superliganing 16-tur uchrashuvlari yakunlandi. Mazkur tur doirasida so'nggi o'yinlar Farg‘ona, Toshkent hamda Qarshi shaharlarida bo‘lib o‘tdi.
«Neftchi» — «Qizilqum»: Farg‘onaliklardan yirik g‘alaba va peshqadamlikning mustahkamlanishi
Tur doirasidagi uchrashuvlardan biri Farg‘onada kechdi. Unda «Neftchi» o‘z maydonida Navoiypning «Qizilqum» klubini qabul qilib, raqib darvozasiga javobsiz 5 ta gol kiritdi.
Islombek Ismoilov shogirdlari uchrashuv davomida to‘liq ustunlik namoyish etishdi. O‘yinda Jamshid Iskanderov (42, 65-daqiqalar) hamda Alisher Odilov (3, 83-daqiqalar) ikkitadan gol urgan bo‘lsa, legioner Stipe Peritsa (70-minut) bitta gol muallifiga aylandi.
Shu tariqa, «Yo‘lbarslar» bu g‘alaba evazidan o‘z ochkolarini 39 taga yetkazib, musobaqa jadvalida peshqadamlikni yana-da mustahkamladi. Ikkinchi o‘rindagi «Paxtakor» bilan ochkolar farqi 4 tani tashkil etmoqda. Navoiyliklar esa 17 ochko bilan 14-pog‘onada qolishdi.
«Bunyodkor» — OKMK: Olmaliqliklarning safardagi irodali zafari
Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida kechgan uchrashuv gollarga boy va juda murosasiz ruhda o‘tdi. Mehmon sifatida maydonga tushgan OKMK jamoasi 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
O‘yinning 26-daqiqasida «Bunyodkor» futbolchisi Dmitriy Pletnyov hisobni ochib, jamoasini oldinga olib chiqqan bo‘lsa-da, olmaliqliklar tezda o‘yin tizginini o‘z qo‘liga olishdi. 33-daqiqada belgilangan penaltini Siavash Haqnazariy aniq amalga oshirib, muvozanatni tikladi. Oradan ko‘p o‘tmay, Nodirbek Abdurazzoqov (39) va Aziz Xolmurodov (42) ketma-ket gollar urib, OKMKning ustunligini ta’minlashdi. Ikkinchi bo‘lim boshida, 47-daqiqada Nosirjon Abdusalomov mezbonlarning ikkinchi golini urib, farqni qisqartirganiga qaramay, uchrashuv yakuniga qadar boshqa gol urilmadi.
Mazkur g‘alabadan so‘ng OKMK 28 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalining 4-o‘rniga ko‘tarilib oldi. «Bunyodkor» esa 19 ochko bilan 10-pog‘onani band etib turibdi.
«Nasaf» — «Qo‘qon-1912»: Qarshida darvozalar daxlsiz qoldi
Qarshi shahrida mezbonlik qilgan «Nasaf» jamoasi «Qo‘qon-1912»ni qabul qildi. Zerikarli o‘tgan qarama-qarshilikda har ikki jamoa ham o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi — 0:0.
Ushbu nursiz durangdan so‘ng jamoalar hisobiga bittadan ochko yozildi. Natijada, «Ajdarlar» 25 ochko bilan 6-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, qo‘qonliklar 12 ochko to‘plagan holda turnir jadvalining 15-pog‘onasidan joy olgan.