Superliga: Bugun uch vodiy klubi o‘ynaydi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy chempionatining 22-turi doirasida "Xorazm" — "Qo‘qon-1912", "Buxoro" — "Navbahor" va "Neftchi" — "Dinamo" klublari o‘rtasidagi uchrashuvlar tashkil etiladi.
Dastlab, "Xorazm" va "Qo‘qon-1912" o‘zaro raqobatlashadi. Mazkur to‘qnashuvda har ikkala klubning g‘alaba qozonish imkoniyatlari teng baholanmoqda. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, chempionatda "Qo‘qon-1912" 21 ochko bilan 13, "Xorazm" esa 19 ochko to‘plab, 14-o‘rinda bormoqda.

Ikkinchi o‘yinda "Buxoro" o‘z uyida "Navbahor"ni mehmon qiladi. Bahs 18:00 da boshlanadi. Bu uchrashuv "Buxoro" klubining yanggi murabbiyi Aleksandr Xomyakov uchun jiddiy sinov bo‘ladi. Sababi, ushbu mutaxassisning asosiy vazifasi jamoani ligada saqlab qolish. Bu maqsadga erishish yo‘lidagi ilk qadam, albatta, "Navbahor"ni mag‘lub etish hisoblanadi. Ammo Namangan shahrining bosh jamoasi o‘tgan 3 turda bor yo‘g‘i ikki ochko jamg‘argan va bu klubga ham g‘alaba juda zarur. Darvoqe, "Buxoro" ayni damda 17 ochko bilan 15-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, "Navbahor" 33 ochko bilan 7-o‘rinda.

Bugungi kunning markaziy uchrashuvi Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” stadionida "Neftchi" va "Dinamo" klublari ishtirokida bo‘lib o‘tadi. Soat 19:15 da boshlanadigan o‘yinni Ahrol Risqullayev bosh hakam sifatida boshqaradi. Unga qanotlarda Alisher Usmonov va Timur Gaynullin yordam beradi.
So‘nggi bahsda kutilmagan mag‘lubiyatdan so‘ng 42 ochko bilan qolib ketgan "Neftchi" bu gal faqat g‘alaba uchun o‘yinga tushishi shubhasiz. "Dinamo" esa o‘tgan turda o‘ynamagani bois 38 ochko bilan 6-o‘ringa tushib ketdi. Samarqand klubi hisobida bitta zaxira o‘yin bo‘lsa-da, qolgan to‘qnashuvlarda ochko yo‘qotishi uni chempionlik kurashidan chiqarib yuboradi. Shu sababli ham mazkur o‘yin shiddatli o‘tadi.

Shu o‘rinda "Neftchi" va "Dinamo"ning milliy chempionatimiz doirasida o‘tkazgan o‘zaro o‘yinlar statistikasiga nazar tashlaymiz. Jamoalar shu kunga qadar 51 marotaba to‘qnash kelgan. Unda "Neftchi" 35 ta o‘yinda g‘olib bo‘lgan. 12 ta o‘yin esa "Dinamo" foydasiga hal etilgan va 4 ta o‘yin durang bilan yakunlangan. Umumiy to‘plar nisbati 97/44 - farg‘onaliklar foydasiga.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA