Superliga: 23-turda bizni qanday shiddatli bahslar kutmoqda?
Bugun FIFA kunlari munosabati bilan ikki haftalik tanaffusdan so‘ng futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi 23-tur uchrashuvlari start oladi.
Turning ochilish uchrashuvida Farg‘onada «Neftchi» jamoasi «Xorazm»ni qabul qiladi. «Istiqlol» stadionida o‘tkaziladigan bahs soat 19:00 da boshlanadi.
9-oktabr kuni Superligada to‘rtta uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Kunning dastlabki bahsi Qo‘qonda «Qo‘qon-1912» va «Mash’al» jamoalari o‘rtasida kechsa, Toshkentda «Paxtakor» o‘z maydonida «Bunyodkor» bilan kuch sinashadi. «Buxoro» — «Andijon» uchrashuvi Buxoroda, «Nasaf» — «Dinamo» bahsi esa Qarshida o‘tkaziladi.
10-oktabr kuni «Qizilqum» o‘z maydonida «Surxon»ni qabul qiladi. 23-tur doirasidagi so‘nggi ikki uchrashuv 11-oktabr kuniga rejalashtirilgan. Unda OKMK — «Navbahor» hamda «So‘g‘diyona» — «Lokomotiv» jamoalari o‘zaro bahs olib boradi.
Ma’lumot uchun, 22-tur uchrashuvlaridan so‘ng, «Neftchi» 51 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Farg‘ona jamoasi 22 tur davomida 50 ta gol urdi va o‘z darvozasidan atigi 17 ta to‘p o‘tkazib yubordi. Chempionlik uchun kurashda «Paxtakor» ham asosiy da’vogarlardan biri bo‘lib, poytaxt jamoasi 49 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. «Navbahor» esa 44 ochko bilan uchinchi pog‘onadan joy olgan.
Superliga jadvalining keyingi o‘rinlarida OKMK va «Lokomotiv» 35, «Nasaf» hamda «Buxoro» 34, «Andijon» va «Dinamo» 30 ochkodan jamg‘argan holda qayd etilgan. «Qizilqum» 29, «So‘g‘diyona» 28, «Surxon» 26 ochko bilan 10–12-o‘rinlarni band etgan. Shuningdek, «Bunyodkor» 22 ochko bilan 13-o‘rinda, «Xorazm» 21, «Qo‘qon-1912» 20, «Mash’al» esa 4 ochko bilan quyi pog‘onalarda qolmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA