Superliga, 14-tur: Raqamlar so'zlaganda...
Ushbu turda stadionlarga eng ko‘p tashrif an’anaviy tarzda markaziy o‘yinlardan biriga to‘g‘ri keldi.
O‘zbekiston Superligasining 14-tur uchrashuvlari yakuniga yetdi. Quyida mazkur tur doirasida qayd etilgan rasmiy statistik ma'lumotlar va tahliliy ko‘rsatkichlar bayon qilingan.
Muxlislar tashrifi: Farg‘ona vodiysi derbisi — turning mutlaq "tashrif qog‘ozi"
Ushbu turda stadionlarga eng ko‘p tashrif an’anaviy tarzda markaziy o‘yinlardan biriga to‘g‘ri keldi. "Neftchi" hamda "Navbahor" o‘rtasidagi qarama-qarshilik 17 978 nafar muxlisni "Istiqlol" stadioniga chorladi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha turda yaqqol yetakchi bo‘ldi.
Futbolchilar uyushmasi rahbari Kamoliddin Murzoyev ta’kidlaganidek, bu bellashuvni bemalol bugungi O‘zbekiston chempionati darajasining haqiqiy yuzi deb atash mumkin. Haqiqatan ham, 18 mingga yaqin tomoshabinni yig‘gan bu duel mamlakat futboli qanchalik jozibali ekanining isbotidir.
14-turning umumiy muxlislar statistikasi:
Neftchi — Navbahor — 17 978 muxlis ("Istiqlol" stadioni)
Andijon — Buxoro — 8 079 muxlis ("Bobur arena")
Dinamo — Qo‘qon — 7 112 muxlis ("Dinamo" stadioni)
Xorazm — Surxon — 6 312 muxlis ("Xorazm sport majmuasi")
Bunyodkor — Paxtakor — 2 378 muxlis ("Paxtakor" stadioni)
Nasaf — Qizilqum — 2 169 muxlis ("Qarshi markaziy" stadioni)
OKMK — Mash'al — 2 085 muxlis ("OKMK sport majmuasi")
Lokomotiv — Sog‘diyona — 2 012 muxlis ("Lokomotiv" stadioni)
Hujumkorlik va xG ko‘rsatkichlari: "Lokomotiv" va OKMK faolligi
Kutilgan gollar (xG) ko‘rsatkichi bo‘yicha bu turda "Lokomotiv" jamoasi eng yuqori natijani qayd etib, turning eng samarali hujum uyushtirgan jamoasiga aylandi.
xG bo‘yicha top-5:
Lokomotiv — 3.34
OKMK — 2.90
Andijon — 2.79
Sog‘diyona — 2.67
Nasaf — 2.63
Darvozaga berilgan zarbalar soni bo‘yicha esa OKMK yaqqol peshqadam bo‘ldi — jamoa raqiblar darvozasi tomon 24 marta zarba berdi. Shuningdek, "Nasaf" (22 ta), "Surxon" (19 ta), "Paxtakor" va "Navbahor" (17 tadan) jamoalari ham faollik ko‘rsatishdi.
Maydon nazorati: OKMKning mutlaq ustunligi
OKMK nafaqat hujumdagi xavfli vaziyatlar, balki o‘yinni to‘liq boshqarish borasida ham turning eng barqaror va tartibli jamoasi ekanini isbotladi:
To‘p nazorati bo‘yicha: OKMK (74%), Nasaf (71%), Surxon (68%), Lokomotiv (61%).
Pas uzatmalar aniqligi: OKMK va Nasaf (87% dan), Surxon (84%), Paxtakor (83%).
Bu raqamlar OKMK raqibiga deyarli to‘p bilan o‘ynash imkonini bermaganini va maydon markazini to‘laqonli nazorat qilganini ko‘rsatadi.
14-turning ramziy jamoasi
UZPFL turning eng yaxshi harakat qilgan futbolchilari asosida 4-4-2 taktik sxemasidagi ramziy jamoa shakllantirdi:
Darvozabon: O'tkir Yusupov ("Navbahor")
Himoyachilar: Umar Adhamzoda ("Navbahor"), Odil Abdumajidov ("Andijon"), Anvar G'ofurov ("Neftchi), Sunnatulloh Hamidjonov ("Xorazm"),
Yarim himoyachilar: Muhammadali Usmonov, Benjamin Teidi (ikkalasi - "Navbahor"), Asadbek Sobirjonov (OKMK), Jamshid Iskanderov ("Neftchi")
Hujumchilar: Anvar Hojimirzayev ("Dinamo"), Temurxo'ja Abduxoliqov ("Lokomotiv).