Superliga: 14-tur qizg‘in o‘tmoqda
O‘zbekiston Superligasining 14-tur bahslari davom etmoqda. Turning dastlabki to‘rt uchrashuvida murosasiz kurash kechdi.
Turning markaziy bahslaridan biri Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatning ikki grandi – «Bunyodkor» va «Paxtakor» o‘zaro kuch sinashdi. Qiziqarli va keskin ruhda kechgan bahsda «Paxtakor» minimal – 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
Andijonda esa mahalliy «Andijon» jamoasi «Buxoro»ni qabul qildi. Maydon egalari har ikki bo‘limda ustunlikni namoyish etib, raqib darvozasiga javobsiz ikkita gol urdi va 2:0 hisobida zafar quchdi.
Olmaliqdagi bahsda OKMK «Mash’al»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Ushbu natija orqali olmaliqliklar turnir jadvalidagi o‘z mavqeini yanada mustahkamlashga muvaffaq bo‘ldi.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan yana bir uchrashuvda «Lokomotiv» «So‘g‘diyona» ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, muxlislarini xursand qildi.
14-turning qolgan uchrashuvlari 28–29-iyul kunlari o‘tkaziladi. Unda «Nasaf» – «Qizilqum», «Xorazm» – «Surxon», «Neftchi» – «Navbahor» hamda «Dinamo» – «Qo‘qon-1912» jamoalari o‘zaro bahs olib boradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA