Sunʼiy intellektni rivojlantirişda qanday çoralar körilmoqda? —Vazir axborot berdi
Oliy Majlis Qonunçilik palatasi majlisida deputatlar raqamli texnologiyalar vaziri Şerzod Şermatovning “Sunʼiy intellektni rivojlantiriş, ustuvor yönalişlarga keng joriy etiş hamda bu borada belgilangan loyihalarning amalga oşiriliş holati töğrisida”gi axborotini eşitdi.
Vazir qayd etganidek, mamlakatimizda Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantiriş strategiyasi doirasida uşbu texnologiyalarni davlat boşqaruvi tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaga keng joriy etiş borasida izçil islohotlar amalga oşirilmoqda. Xususan, joriy yil iyul oyida “Elektron hukumat” tizimi data-markazida umumiy qiymati 24 million AQŞ dollariga teng zamonaviy hisoblaş infratuzilmasi işga tuşirildi. Şuningdek, soğliqni saqlaş sohasida foydalaniş uçun 16 ta HGX H200 kartasiga ega kiçik klaster faoliyati yölga qöyildi. Soğliqni saqlaş va taʼlim sohalaridagi loyihalarni amalga oşiriş maqsadida esa 8 million dollarlik server uskunalarini xarid qiliş böyiça şartnoma imzolandi.
— Tiklaniş va taraqqiyot jamğarmasi mablağlari hisobidan esa raqamli hukumat, kadrlar tayyorlaş, soğliqni saqlaş, ijtimoiy soha, jamoat xavfsizligi va huquqiy himoya, qişloq xöjaligi hamda ekologiya kabi yönalişlarni qamrab olgan 100 dan ortiq sunʼiy intellekt loyihalarini amalga oşiriş işlari boşlangan. 6,5 million hujjat, 6,1 milliard söz va 20 milliard tokenni qamrab olgan “Özbek tili korpusi” milliy maʼlumotlar töplami şakllantirilgan.

Kadrlar salohiyatini oşiriş maqsadida amalga oşirilayotgan “Beş million sunʼiy intellekt yetakçilari” loyihasi doirasida 1,6 milliondan ortiq yoşlar öqitilib, tegişli sertifikatlarga ega böldi. Umumtaʼlim maktablari uçun 7 ta, oliy taʼlim muassasalari uçun 3 ta öquv qöllanma işlab çiqilib, 2026-2027-öquv yilidan taʼlim jarayoniga joriy etildi. Oliy taʼlim muassasalarida esa 3 ta sunʼiy intellekt laboratoriyasi oçildi.
Uşbu çora-tadbirlar natijasida “IT Park”da sunʼiy intellekt yönalişidagi rezidentlar soni 240 taga, körsatilgan xizmatlar hajmi 895 milliard sömga, eksport hajmi esa 75 million dollarga yetdi.
“Oxford Insights” taşkilotining Hukumatning sunʼiy intellektga tayyorlik indeksida Özbekiston 195 ta davlat orasida 8 poğona yuqorilab, 62-örinni egallagan. 2026-yil 16-iyulda Sunʼiy intellekt sohasida hamkorlik böyiça Jahon taşkiloti (WAICO) taʼsis bitimini imzolagan 29 ta davlat qatoridan joy olgan, — dedi vazir öz axborotida.
Şuningdek, vazir sunʼiy intellekt sohasida qator tajribali mamlakatlar bilan hamkorlikda işlar olib borilayotganini qayd etdi.
Muhokamalarda deputatlar bir qator masalalar yuzasidan savol va takliflarini örtaga taşladi. Xususan, yil yakuniga qadar serverlar sonini 24 taga, grafik kartalar sonini esa 192 taga yetkaziş, 2027-yilda quvvati 7 ekzaflopsdan ortiq bölgan yangi hisoblaş klasterini işga tuşiriş lozimligi qayd etildi.
Şuningdek, 2027-yil 1-fevralga qadar “ai.gov.uz” milliy platformasida sunʼiy intellektga asoslangan dasturiy mahsulotlar Yagona reyestrini işga tuşiriş va uni Davlat xaridlari maxsus axborot portali bilan real vaqt rejimida integratsiya qiliş kabi qator taklif va tavsiyalar berildi.
Muhtarama Komilova,
ÖzA