Sun’iy intellekt va data-markaz loyihasi amalga oshirilmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘i B.Qutlimuratov Taxiatosh tumanida faoliyat yuritayotgan “Linkwise” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan yirik investitsion loyiha bilan tanishdi.
Mazkur loyiha sun’iy intellekt (AI), katta ma’lumotlar (Big Data) hamda superkompyuter tizimlarini tashkil etishga qaratilgan bo‘lib, uning umumiy qiymati 3,5 milliard AQSH dollarini tashkil etadi. Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, birinchi bosqichda 700 million dollar investitsiya kiritilishi va qurilish ishlari 2026-yilda boshlanishi ko‘zda tutilgan.

“Shanghai LinkWise Data Intelligence” kompaniyasi – korxona va davlat sektorlari uchun zamonaviy intellektual hisoblash infratuzilmasi, sun’iy intellekt texnologiyalari, katta ma’lumotlar bazasi hamda yuqori quvvatli data-markazlar yechimlarini taqdim etuvchi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.
Loyiha to‘liq ishga tushirilgach, import o‘rnini bosuvchi xizmatlar hajmini yiliga 200 million dollarga yetkazish, mahalliylashtirish darajasini 70 foizdan 90 foizga oshirish hamda hudud iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlash rejalashtirilgan.

Loyihani amalga oshirish maqsadida Taxiatosh tumani “Naymankul” ovul fuqarolar yig‘ini hududidan 14,6 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, bugungi kunda qurilish ishlari davom etmoqda. Shu bilan birga, qiymati 1,07 million AQSH dollariga teng zamonaviy asbob-uskunalar olib kelinib, ularga bojxona imtiyozlari qo‘llanildi.
Uchrashuv davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasida 300 MVt quvvatga ega zamonaviy ma’lumotlar markazini tashkil etish, qurilish ishlarini jadallashtirish hamda joriy yilning ikkinchi choragida dastlabki quvvatlarni ishga tushirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, bojxona yo‘nalishida amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligi bildirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.