Hakamlik sudlarining byudjetdan noqonuniy mablag‘ undirishiga chek qo‘yiladi (+video)
Nizolarni muqobil usullar orqali hal etishga e’tibor berilmoqda. Shu maqsadda mamlakatimizda hakamlik sudlari tashkil etilgan.
2026-yil 21-aprelda «Hakamlik sudlari faoliyati yanada takomillashtirilishi hamda byudjet intizomi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.
Mazkur qonunning qabul qilinishiga nima sabab bo‘ldi? Yangi qonunda nimalar nazarda tutilgan?
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a’zosi Zumrad Bekatova bilan shu haqda suhbatlashdik.
– Hakamlik sudi – fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi nizolarni, shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida vujudga keluvchi xo‘jalik nizolarini hal etuvchi nodavlat organdir.
Biroq, hakamlik sudlarini tashkil etishdagi ta’sirchan talablar mavjud emasligi oqibatida hakamlik sudlari o‘z vakolatiga kirmaydigan nizolar bo‘yicha noqonuniy qarorlar qabul qilish holatlari kuzatildi.
Ya’ni, hakamlik sudlari tomonidan hakamlik bitimi tarafi sifatida davlat hokimiyati va boshqaruv organi bo‘lgan ishlar bo‘yicha chiqarilgan hal qiluv qarorlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijroga qaratish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.
2019 - 2023-yillarda ushbu sudlar tomonidan davlat byudjetidan 222,2 milliard so‘m pul mablag‘i undirish haqida 870 ta noqonuniy qaror chiqarilgan.
Masalan, 2021-2023-yillarda Surxondaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan hakamlik sudlari qabul qilgan 47 hal qiluv qarori vakolatli sudning ijro varaqalarini berish bo‘yicha ajrimlari bo‘lmasada, g‘aznachilik va moliya organlari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijro etilgan.
Hakamlik sudi sudyalarining bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimining mavjud emasligi nizolarni ko‘rib chiqish va hal etishda professional va qonuniy yondashuv ta’minlanmasligiga sabab bo‘lgan.
O‘zbekistonda 287 hakamlik sudi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularda 1,5 mingdan ortiq sudyalar faoliyat yuritmoqda.
Mazkur hakamlik sudi sudyalarining aksariyat qismi turli sohada asosiy ish faoliyatini yuritib kelayotgani bois ularda hakamlik sudi to‘g‘risida yetarlicha bilim va ko‘nikmalar mavjud emas.
Bundan tashqari, davlat organlarining mansabdor shaxslari davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini chetlab o‘tib, hakamlik sudlari vositasida noqonuniy ravishda davlat byudjetidan mablag‘lar undirib kelgan.
2019 - 2023-yillarda noqonuniy shartnomalar bilan 3 ming 309 holatda hakamlik sudi qarori chiqarilib, davlat byudjetidan 215,3 milliard so‘m undirilgan.
Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzgan mansabdor shaxslarning 11 nafari ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 26 nafariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shu bilan birga, qonunchilikda davlat organlariga hakamlik sudlari qarorlarini ixtiyoriy ijro etish bo‘yicha taqiq belgilanmagani tufayli ushbu organlar tomonidan hakamlik sudlarining noqonuniy qarorlari ijro varaqasisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijro etilmoqda.
Hakamlik sudlarining noqonuniy qarorlari bo‘yicha ijro varaqalari bo‘lmasa-da, byudjetdan 582 holatda 156,3 milliard so‘m asossiz to‘lovlar amalga oshirilgan.
– Yangi qonunda shu kabi muammolarni bartaraf etish uchun qanday cheklovlar o‘rnatildi?
– Yangi qonun 9 moddadan iborat bo‘lib, shu asosda 4 kodeks, ya’ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Byudjet, Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual kodekslari hamda “Hakamlik sudlari to‘g‘risida” va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunlarga sud ma’lumotlarini oshkor qilmaslik bo‘yicha sud muhokamasi ishtirokchilariga tegishli majburiyat yuklash va buni buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, hakamlik sudini tashkil etish hamda sudyalik vazifasini bajarish uchun qo‘shimcha talablar belgilandi. Hakamlik sudyalarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish tartibi kengaytirildi.
Davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari hamda davlat ishtirokidagi korxonalar, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan hakamlik bitimlari tuzilganlik uchun ma’muriy javobgarlik qo‘llaniladi.
Byudjet kodeksida g‘aznachilikda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan shartnomalar asosida tovar, ish va xizmatlarni qabul qilib olganlik holati byudjet intizomini buzish sifatida belgilandi.
Qonunchilikda hakamlik sudi qarorlarini ijro etish bo‘yicha ijro varaqasi bo‘lmagan taqdirda, ularni davlat organlari tomonidan ixtiyoriy ijro etish uchun javobgarlik nazarda tutildi.
Davlat byudjetidan pul mablag‘larini undirish bilan bog‘liq sud buyruqlari ustidan shikoyat kiritish imkoniyati yaratildi.
Qonun bilan hakamlik sudlari faoliyati yanada yaxshilanadi. Davlat byudjetidan noqonuniy chiqimlarning oldi olinadi. Qonun hakamlik sudlari tomonidan adolatli qarorlar qabul qilinishi, noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlik belgilash orqali davlat manfaatlari himoya qilinishiga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach, ya’ni 2026-yil 24-iyulda kuchga kiradi.
Qonun kuchga kirgan kunda faoliyat ko‘rsatayotgan hakamlik sudlari, hakamlik sudlarini tashkil etgan tashkilotlar o‘z faoliyatini uch oy ichida ushbu qonunga muvofiqlashtiradi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/1cgkxun6hHo?si=71CqM16jWBvC9IAv" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova,
Doniyor Yoqubov (vileo),
Iskandar Ismatov (montaj),
O‘zA