Sunʼiy intellekt davrida kibertahdidlardan qanday himoyalaniş kerak?
Raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bugungi davrda kiberxavfsizlik masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etadi. Sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalaniş va internet makonidagi faollikning ortişi bilan bir qatorda fişing, soxta veb-saytlar, dipfeyk hamda boşqa kibertahdidlar ham tobora murakkablaşib bormoqda.
Bu esa şaxsiy maʼlumotlar, korporativ axborot va muhim raqamli infratuzilmani himoya qiliş, kiberhujumlarning oldini oliş hamda foydalanuvçilarning raqamli savodxonligini oşirişga alohida eʼtibor qaratişni taqozo etadi.
Özbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-martdagi “Özbekiston Respublikasining Kiberxavfsizlik strategiyasini belgilaş va kiberjinoyatçilikning oldini oliş tizimini takomillaştiriş töğrisida”gi farmonida ham mazkur tahdidlarning oldini oliş, milliy kiberxavfsizlik tizimini yanada mustahkamlaş, raqamli makonda fuqarolar va davlat manfaatlarini himoya qiliş ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Ana şu masalalar Toşkent şahrida “Kaspersky CyberSecurity Weekend 2026” tadbiri doirasida taşkil etilgan matbuot anjumanida ham muhokama qilindi. Unda Özbekiston va Rossiyadan kiberxavfsizlik sohasi vakillari hamda ekspertlar iştirok etib, zamonaviy kibertahdidlar, sunʼiy intellektning raqamli xavfsizlikka taʼsiri va ulardan himoyalaniş masalalari yuzasidan fikr almaşdi.

Tadbirda sözga çiqqanlar xalqaro hamkorlikni mustahkamlaş va tajriba almaşiş kiberxavfsizlik sohasidagi dolzarb vazifalarni hal etişda muhim ahamiyat kasb etişini taʼkidladi.
Aytiş joizki, bugungi kunda kibertahdidlar biznes faoliyatining barqarorligi, axborot tizimlari uzluksizligi va korporativ maʼlumotlar xavfsizligiga jiddiy taʼsir körsatişi mumkin.
– Biznes uçun bu maʼlumotlar operatsion xavf-xatarlar kölami haqidagi jiddiy ogohlantirişdir. Fişing, mahalliy kibertahdidlar, şuningdek, stilerlar va bekdorlardan foydalanilgan hujumlarning köpayişi kompaniyalar faoliyatini izdan çiqarişi mumkin. Fişing resurslariga ötiş böyiça köplab urinişlarning bloklanişi iş jarayonlarining töxtaşi va jiddiy moliyaviy yöqotişlarga olib kelişi mumkin bölgan hodisalarning oldi olinganini anglatadi. Bunda inson omili eng zaif böğin bölib qolmoqda. Hatto öquv maşğulotlari doirasidagi ssenariylarda ham xodimlarning bir qismi firibgarlar tuzoğiga tuşadi. Şuning uçun kiberxavfsizlikni taʼminlaşda muvozanatli yondaşuv zarur, – dedi "Kasperskiy laboratoriyasi"ning Qozoğiston, Markaziy Osiyo va Möğulistondagi boşqaruvçi direktori Valeriy Zubanov.

Tadbirda taşkilotlarga dasturiy taʼminotni muntazam yangilab boriş, maʼlumotlarning zaxira nusxalarini yaratiş, kiberxavfsizlik hodisalariga tezkor javob beriş rejasini işlab çiqiş hamda xodimlarni fişing va boşqa kibertahdidlardan himoyalaniş böyiça öqitiş tavsiya etildi.
Tadbir yakunida qayd etilganidek, kiberxavfsizlikni taʼminlaşda texnologik himoya çoralari bilan bir qatorda, xodimlarning raqamli savodxonligi va masʼuliyatini oşiriş ham muhim.
Nasiba Ziyodullayeva,
ÖzA