Sumo bo‘yicha xalqaro turnir O‘zbekistonda!
Yaponiyaning qadimiy sumo sporti O‘zbekistonda qisqa vaqt ichida ulkan yutuqlarga erishmoqda. Yaqin kunlarda o‘tkaziladigan xalqaro musobaqa mamlakatning bu sohadagi salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Sumo – Yaponiyaning milliy qadriyati bo‘lib, ikki kurashchining yumaloq maydonda kuch sinashishiga asoslangan qadimiy jang san’atidir. Bu sport turi halolligi, jozibadorligi, tomoshabopligi, keng muxlislar auditoriyasi va jarohatlarning kamligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Mamlakatimizda ushbu sport turini ommalashtirish, xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan mahoratli sportchilarni tayyorlash maqsadida 2023-yil 12-oktabrda O‘zbekiston Sumo federatsiyasi rasman tashkil etildi. Qisqa vaqt ichida o‘zbek sumochilari Polsha, Rossiya, Yaponiya, AQSH, Tailand, Qirg‘iziston kabi davlatlarda o‘tkazilgan nufuzli xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, jami 30 ta medalni qo‘lga kiritdi.
2026-yil 8-oktabr kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti sport majmuasida sumo bo‘yicha kattalar o‘rtasida xalqaro ochiq musobaqa bo‘lib o‘tadi. Unda Rossiya Federatsiyasi, shuningdek, Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalari terma jamoalari a’zolari ishtirok etishi kutilmoqda.
Albatta, bu kabi tadbirlar O‘zbekistonda sumo sportining keng ommalashuvi va yangi, mahoratli sportchilar yetishib chiqishiga muhim turtki bo‘ladi.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA