O‘zbekiston – Turkiya do‘stlik ko‘prigi: ilmiy-ma’rifiy hamkorlikning yangi ufqlari
Turkiyaning Xatay viloyatida «Bir ildiz, bir ma’rifat: O‘zbekiston – Turkiya do‘stlik ko‘prigi» xalqaro forumi o‘z ishini boshladi.
Joriy yilning 4–10-oktabr kunlari Turkiyaning Xatay, Anqara va Istanbul shaharlarida O‘zbekiston va Turkiya olimlari, ziyolilari hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida qator ilmiy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Forum Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati hamda Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti hamkorligida tashkil etilgan.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad tarix, til, madaniyat va mushtarak ma’naviy qadriyatlar bilan uzviy bog‘langan ikki qardosh xalq o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, ilmiy-ma’rifiy va madaniy hamkorlikni kengaytirish, olimlar va ziyolilar o‘rtasida tajriba almashinuvini rivojlantirishdan iborat.
Forumning dastlabki tadbirlari Xatay viloyatidagi Mustafo Kamol universitetida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Turkiya olimlari hamda ziyolilari ishtirokida ikki xalqni birlashtirib turuvchi tarixiy ildizlar, mushtarak ma’naviy meros, til va an’analar, shuningdek, zamonaviy ilmiy-madaniy hamkorlikni rivojlantirishning yangi imkoniyatlari muhokama qilindi.

Muloqotlar davomida ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat sohalaridagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ilmiy aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Forum doirasida Xatay Mustafo Kamol universiteti hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjatga Xatay Mustafo Kamol universiteti rektori, professor doktor Veysel Eren hamda «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati raisi, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Baxtiyor Husanov imzo qo‘ydi.
Tashrif dasturi doirasida Xatay viloyatida O‘zbekiston va Turkiya xalqlarining tarixiy-madaniy mushtarakligini keng targ‘ib etishga qaratilgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar ham o‘tkazilmoqda.

Forum dasturidan, shuningdek, Anqara Ijtimoiy fanlar universiteti, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi va Istanbul Madaniyat universitetida uchrashuvlar, qator kitoblar taqdimoti hamda hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimlari o‘rin olgan.
Jumladan, turkiyalik olim va jamoat arbobi Kemal Yavuz Atamanning «Men tanigan O‘zbekiston» kitobi taqdimoti tadbirning muhim voqealaridan biri bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘zbek va turk tillarida nashr etilgan mazkur asarda mamlakatimizning tarixi, bugungi taraqqiyoti, xalqimizning boy madaniy-ma’naviy merosi hamda muallifning O‘zbekiston haqidagi taassurotlari aks etgan.
Loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini Turkiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan birgalikda keng nishonlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ham tashkil etilmoqda. Ularda Vatan mustaqilligi, milliy taraqqiyot, tarixiy xotira va xorijdagi vatandoshlarning O‘zbekiston bilan ma’naviy aloqalarini yanada mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratiladi.

Tadbirlar doirasida «Mehr qanotida» ijtimoiy loyihasi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, «Bir dasturxon — ikki qardosh xalq» loyihasi doirasida madaniy-ma’rifiy dasturlarni amalga oshirish ham ko‘zda tutilgan.
N.Usmonova, O‘zA