Suhrob Olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritdi
Xitoyning Nankin shahrida davom etayotgan II o‘smirlar Olimpiadasida o‘zbekistonlik yana ikki nafar sportchi g‘olib va sovrindorlar safidan joy oldi.
Xitoyning Nankin shahrida davom etayotgan II o‘smirlar Olimpiadasida o‘zbekistonlik yana ikki nafar sportchi g‘olib va sovrindorlar safidan joy oldi.
Dzyudo bo‘yicha jamoaviy bahslarda qatnashgan yosh polvonimiz Suhrob Tursunov delegatsiyamiz hisobini yana bir oltin medal bilan boyitdi. Puerto-riko vakili Adrian Gandia, rossiyalik Mixayl Igolnikov, fransiyalik Morgane Duchene, argentinalik Aelen Elizeche, gollandiyalik Liza Millenberg va portugaliyalik Mariya Siderot bilan “ROUGE” jamoasida qatnashgan Suhrob Tursunov 66 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bellashuvida bolgariyalik Stoyan Tarapanovni, belaruslik Dmitriy Minkouni, armanistonlik Xarutyun Dermishyanni va Kosta-Rika vakili Xulian Sanchoni yengib, jamoadoshlari bilan birga shohsupaning eng yuqori pog‘onasini egalladi.
O‘smirlar Olimpiadasining taekvondo (WTF) bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarida ishtirok etgan yana bir hamyurtimiz Umida Abdullayeva vazni 63 kilogrammdan og‘ir bo‘lgan taekvondochilar o‘rtasida ikkinchi o‘rinni egalladi. Musobaqaning chorak finalidan bahslarga kirishgan Umida svazilendlik Sharlota Munavini 17:3, yarim finalda xitoylik Chen Lini 1:0 hisobida yengib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Ayni paytda o‘zbekistonlik sportchilar hisobida II o‘smirlar Olimpiadasining 2 oltin, 1 kumush va 2 bronza medali bor.