Sud tizimida inson omilini kamaytirish maqsadida ikkita yirik elektron platforma ishlab chiqiladi
Munosabat
Adolat xuddi toza havodek gap, u bor joyda bemalol nafas olasan, ammo ozgina buzilsa, butun jamiyat bug‘ila boshlaydi. Inson huquqi, qadr-qimmat va qonun ustuvorligi haqida gapirganda, ko‘z oldimizga birinchi bo‘lib sud idoralari kelishi bejiz emas. Zero, fuqaroning davlatga, adolatga va kelajakka bo‘lgan ishonchi aynan sud ostonasida shakllanadi yoki shu yerda sinadi.
Prezidentimiz tomonidan imzolangan, sudlarda komplayens nazorat tizimini kuchaytirishga oid yangi farmon, hech mubolag‘asiz, sohada uzoq kutilgan qadam bo‘ldi. Mazkur hujjat sud tizimida 2026-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha e’lon qilingan “favqulodda holat”dan kelib chiqadigan vazifalarni samarali ijro etish, tizimda korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni barvaqt bartaraf etish va aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash maqsadini ko‘zlaydi.

Xususan, hujjatda sud idoralari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish uchun uchta asosiy yo‘nalish belgilab berilgan. Birinchidan, sudlarda zamonaviy komplayens nazorat tizimini joriy etish orqali xavf-xatarlarni oldindan aniqlash va baholash, korrupsiya omillarini barvaqt bartaraf etish nazarda tutilgan. Ikkinchidan, meritokratiya tamoyiliga asoslangan holda, sud apparati xodimlarini ishga qabul qilishni ochiq va shaffof tanlov asosida yo‘lga qo‘yish hamda ularning kasbiy o‘sishini faqat bilimi, salohiyati va halol xizmati asosida baholash tizimi joriy etiladi. Uchinchidan esa, sud organlarining jamiyatdagi nufuzi va obro‘sini oshirish orqali ularni islohotlarning chinakam ko‘makchisiga aylantirish maqsad qilingan.
Yangi tartibga ko‘ra, sud tizimida nazorat funksiyalari aniq taqsimlandi. Endilikda sudyalar korpusiga nisbatan nazoratni Sudyalar oliy kengashining Sud inspeksiyasi amalga oshiradi. Sud apparati va Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti xodimlari faoliyatini esa Oliy sudning yangi tashkil etilayotgan Komplayens nazorat xizmati nazorat qiladi. Ushbu tizimni yo‘lga qo‘yish uchun Oliy sud apparatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sud raisiga bo‘ysunuvchi 3 ta shtat birligidan iborat markaziy xizmat tashkil etiladi. Shuningdek, Harbiy sud, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida jami 15 ta komplayens nazorat bo‘yicha inspektor lavozimlari joriy etiladi.
Inspektorlar mahalliy sud rahbarlariga qaram bo‘lmaydi. Bu lavozimlarga halol, pok, oliy yuridik ma’lumotli va sud-huquq sohasida kamida 5 yillik ish stajiga ega bo‘lgan nomzodlar tayinlanadi. Ularga xodimlarning odob-ahloqi va o‘zini tutishi bilan bog‘liq masalalarda xizmat tekshiruvlari o‘tkazish vakolati berilmoqda. Shuningdek, sud apparati xodimlarining mas’uliyatini oshirish maqsadida ular uchun maxsus xizmat kiyimi joriy etilishi belgilangan.
Shu bilan birga, sud tizimida inson omilini kamaytirish va kadrlar ma’murchiligini zamon talablariga moslashtirish maqsadida 2026-yil yakuniga qadar ikkita yirik elektron platforma ishlab chiqiladi. Bulardan birinchisi, “vacancy.sud.uz” portali bo‘lib, u vakant lavozimlarni e’lon qilish, nomzodlarni ochiq tanlov asosida saralash va ishga qabul qilish jarayonlarini to‘liq raqamlashtiradi. Ikkinchisi esa “SudHR” elektron platformasi bo‘lib, u xodimlar bilan ishlash, ularning faoliyatini monitoring qilish va korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni boshqarishga xizmat qiladi
Farmon bilan tasdiqlanadigan muhim o‘zgartirishlardan yana biri bu–sud apparati xodimlari uchun qator jiddiy cheklovlar kiritilganligidir. Unga ko‘ra, muqaddam korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgan shaxslar tizimga ishga qabul qilinmaydi. Nojo‘ya xatti-harakatlari uchun notarius, advokat, sudya yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlardan bo‘shatilgan shaxslar uch yil davomida sud tizimiga ishga olinmaydi.
Shuningdek, O‘zbekiston hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochish, u yerda ko‘chmas mulk va boshqa mol-mulkka egalik qilish man etiladi. Xodimlar va ular oila a’zolarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi joriy etilib, manfaatlar to‘qnashuvi va mahalliychilik holatlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
Farmonda sudyalar faoliyatining shaffofligini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, Oliy sudga uch oy muddatda sud ishlarini avtomatik taqsimlash dasturini yanada takomillashtirish vazifasi yuklatildi. Bunda ishlarni taqsimlash mezonlari aniq belgilanadi va ishni bir sudyadan boshqasiga asossiz o‘tkazish holatlarining oldi olinadi.
Prezident farmonida belgilangan vazifalar “Adolat” SDPning saylovoldi dasturida ilgari surilgan sud-huquq sohasidagi tub islohotlar va inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan maqsadlari bilan to‘liq hamohangdir. Xususan, partiya dasturidagi sudyalarning mustaqilligini ta’minlash, huquqlarini yuqori darajada kafolatlash hamda sudlarda fuqarolarning huquq va erkinliklarini tez va sifatli himoya qilish tashabbuslari farmondagi komplayens nazorat tizimi bilan chambarchas bog‘lanadi.
Davlat rahbari tomonidan sud tizimini ich-ichidan sog‘lomlashtirish va korrupsiya omillarini barvaqt to‘sish bo‘yicha joriy etilayotgan keskin choralar partiyaning odil sudlovga erishish darajasini oshirish va sud hokimiyatiga nisbatan xalq ishonchini mustahkamlash borasidagi ustuvor vazifalarini hayotga tatbiq etishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilishi bilan yanada ahamiyatlidir.
Muharram DADAXO‘JAEVA,
“Adolat” SDP Toshkent shahar kengashi raisi.
O‘zA