Odil sudlov akademiyasi oldidagi yangi strategik vazifalar: korrupsiyaga qarshi kurashning ta’lim modeli
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 8-iyundagi “Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda sud-huquq tizimini modernizatsiya qilish yo‘lidagi navbatdagi tarixiy qadam bo‘ldi. Ushbu hujjat sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashni tubdan yangi pog‘onaga ko‘taruvchi, sud tizimida korrupsiyaviy omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha xalqaro andozalarga mos tizimni joriy etishni ko‘zlagan strategik islohotdir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Farmonda belgilangan ustuvor vazifalar ichida Odil sudlov akademiyasi zimmasiga yuklatilgan vazifalar alohida ahamiyatga ega. Zero, sud tizimida korrupsiyaga qarshi samarali tizim yaratishda nazorat mexanizmlari bilan bir qatorda, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, halol va tashqi ta’sirlarga bardoshli sudyalar korpusini shakllantirish hamda bu madaniyatni institutlashtirish talab etiladi. Aynan Odil sudlov akademiyasi ushbu strategik vazifani hayotga tatbiq etuvchi asosiy tuzilma sifatida namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekiston 2016 yildan boshlab sud-huquq sohasida keng ko‘lamli transformatsiyani amalga oshirib kelmoqda. Bu yo‘lda qabul qilingan har bir hujjat keyingisining poydevorini yaratdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025yil 26 dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ham bu masalaga alohida urg‘u berildi:
“Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid” deb ta’riflangan bu illatga qarshi 2026-yil “favqulodda holat” deb e’lon qilindi.
Mazkur farmon sohadagi izchil va tizimli islohotlarning mantiqiy davomidir. Hujjat sud tizimidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholashning professional mexanizmini yaratish, shaffof kadrlar siyosatini yo‘lga qo‘yish hamda sud hokimiyatiga nisbatan jamoatchilik ishonchini mustahkamlashni o‘z oldiga bosh maqsad qilib qo‘ygan.
O‘z mohiyatiga ko‘ra, ushbu hujjat sud-huquq tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan strategik islohotlarning ajralmas qismidir. Unda, bir tomondan, Komplayens nazorat xizmatini tashkil etish, sud apparatida shaffof kadrlar siyosatini yuritish, “vacancy.sud.uz” va “SudHR” platformalarini amaliyotga joriy qilish hamda manfaatlar to‘qnashuvini monitoring qilish tizimlarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Odil sudlov akademiyasi orqali kadrlar tayyorlash sifatini mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish belgilanmoqda. Mazkur ikki yo‘nalish tizimda bir-birini to‘ldiruvchi va kuchaytiruvchi sinergetik ta’sirga ega.
Shundan kelib chiqib, farmon Odil sudlov akademiyasi zimmasiga bir nechta strategik yo‘nalishlardagi muhim vazifalarni yuklaydi.
Birinchi yo‘nalish – korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasi diagnostikasi. Akademiya va Boshqaruv samaradorligi agentligi huzuridagi Rahbar kadrlarni baholash markazi bilan birgalikda 2026 yil yakuniga qadar sud tizimida korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini kompleks diagnostikadan o‘tkazish belgilangan. Bu shunchaki tekshiruv emas, tizimning hozirgi holatini ilmiy asosda baholash, xavf manbalarini aniqlash va profilaktik choralar ishlab chiqish demakdir.
Ikkinchi yo‘nalish – bo‘lajak sudyalarning bilimi va ma’naviy qiyofasini baholashning yangi tizimi. Bundan buyon sudyalikka nomzodlarni tayyorlash jarayonida ularning shaxsiy professional xususiyatlari va korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini diagnostikadan o‘tkazish amaliyoti joriy etiladi. Bu mexanizm nomzodning huquqiy bilimidan tashqari, uning halollik darajasini, axloqiy pozitsiyasini va noqonuniy harakatlarga qarshi tura olish qobiliyatini ham baholaydi. Natijada, sud hokimiyatiga korrupsiyaviy xavflarga qarshi immunitetga ega kadrlarning kirib kelish ehtimoli sezilarli darajada ortishiga asos bo‘ladi.
Uchinchi yo‘nalish – “real keyslar”ga asoslangan o‘quv moduli.
2026-yilning sentabriga qadar Akademiyada manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaning boshqa ko‘rinishlarini oldini olishga qaratilgan o‘quv-amaliy modul joriy etilishi belgilangan. Bu modulda tinglovchilar amaliyotda duch keladigan murakkab vaziyatlarni tahlil qilish, xavflarni aniqlash va qonuniy yechimlarni ishlab chiqish ko‘nikmalarini hosil qiladi. Nazariy bilimlar asosiga qurilgan amaliy immunitetni shakllantirish ana shu modulning asosiy maqsadi sanaladi.
To‘rtinchi yo‘nalish – ichki xavfsizlik nazorati xizmatini tashkil etish. Farmonda Odil sudlov akademiyasida 2026-yil 1-sentabrga qadar mavjud boshqaruv shtat birliklari hisobidan ichki xavfsizlik nazorati xizmatini tuzish vazifasi belgilangan. Korrupsiyaga qarshi kurashdan saboq beruvchi maskanning o‘zi birinchi navbatda ushbu tamoyillarga qat’iy rioya etishi lozim. Bu tizimning shaffofligi, Akademiyaning institutsional nufuzi va unga bo‘lgan ijtimoiy ishonchning muhim kafolati hisoblanadi.
Beshinchi yo‘nalish – xalqaro standart bo‘yicha audit.
2027 yil 1 iyunga qadar Akademiyani ISO 37001 – korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi xalqaro standarti bo‘yicha auditdan o‘tkazish vazifasi belgilangan. Bu mamlakatimiz sud-huquq tizimini xalqaro maydonda tan olingan ilg‘or amaliyotlarga moslashtirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam hisoblanadi.
Oltinchi yo‘nalish – uzluksiz malaka oshirish. Sudyalar oliy kengashi Oliy sud va Akademiya bilan birgalikda sudyalar va sud apparati xodimlarining har uch yilda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarida malakasini oshirish tizimini joriy etadi. Bu korrupsiyaga qarshi kurashni bir martalik tadbir emas, balki uzluksiz jarayonga aylantiradi.
Farmonda qayd etilgan mazkur vazifalar Odil sudlov akademiyasi zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Binobarin, davlatimiz rahbari Odil sudlov akademiyasiga sud tizimini yuksak ma’naviyatga, chuqur bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan munosib kadrlar bilan shakllantirish missiyasini ishonib topshirmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashning haqiqiy mevasi faqatgina nazorat va jazolash orqali emas, balki to‘g‘ri tarbiyalangan, mustahkam kasbiy immunitetga ega sudyalar orqali erishiladi va bu vazifani amalga oshirishda Akademiyaning o‘rni va mas’uliyati alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu bois farmonning ijrosi Akademiya jamoasidan jiddiy tayyorgarlik, metodologik izlanish va professional yondashuvni talab etadi. Bu borada Akademiyada tinglovchilarni belgilangan tartibda diagnostikadan o‘tkazish tizimi joriy etiladi, yangi o‘quv dasturlari ishlab chiqiladi, ichki xavfsizlik nazorati tizimi yo‘lga qo‘yiladi, xalqaro standartlarga muvofiqlik ta’minlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur farmoni Odil sudlov akademiyasi uchun tarixiy ahamiyat kasb etadi. Hujjat Akademiyaga diagnostika, ta’lim, nazorat va xalqaro standartlashtirish yo‘nalishlarida aniq va muddatli vazifalar yuklamoqda. Ushbu vazifalarning tub mohiyati va hal qiluvchi ahamiyati shundaki, ular sud tizimining ma’naviy-axloqiy poydevorini tubdan mustahkamlashga qaratilgandir.
Akademiya jamoasi mazkur Farmon ijrosini yuksak mas’uliyat va qat’iyat bilan qabul qilmoqda.
Bizga bildirilgan yuksak ishonchni to‘liq oqlash, davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan strategik islohotlar muvaffaqiyatiga sidqidildan hissa qo‘shish hamda mamlakatimizda adolatli odil sudlov tizimini qaror toptirish oliy va muqaddas maqsadimizdir.
Sherzod Abduqodirov,
O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi rektori