Strategik sheriklikning yangi istiqbollari: “Markaziy Osiyo - Koreya Respublikasi” birinchi sammiti yakunlari xususida
Davlatimiz rahbarining Koreya Respublikasiga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va alohida strategik sheriklik tarixida muhim bosqich bo‘ldi. Nihoyatda sermazmun dastur ilk daqiqalardanoq O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga nisbatan samimiy mehmondo‘stlik, yuksak ehtirom va chuqur hurmat ruhida o‘tdi.
JIDU huzuridagi Diplomatik akademiya fakulteti dekani, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Ziyodillo Po‘latxo‘jayev shu haqda munosabat bildirdi:
–Seulda bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» formatidagi davlat rahbarlarining birinchi sammiti Yevroosiyo makoni xalqaro munosabatlarida sifat jihatidan katta burilish yasadi, uzoq muddatli siyosiy, iqtisodiy, sarmoyaviy va texnologik hamkorlik uchun asos yaratdi.
Xususan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Janubiy Koreya yetakchilarining uchrashuvi yakunlari bo‘yicha oliy darajadagi muloqotni institutsionallashtirgan Seul deklaratsiyasi qabul qilindi.
Bugungi notinch geosiyosiy tizimda «Markaziy Osiyo plyus» diplomatik formulasi ko‘p vektorli siyosatning eng samarali vositalaridan biriga aylanib bormoqda. Markaziy Osiyo bugungi kunda geosiyosiy raqobatning passiv ob’ekti sifatida emas, balki xalqaro sub’ektligi ortib borayotgan yagona va jipslashgan makromintaqa sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Dunyoning yetakchi kuch markazlari (AQSH, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, endi esa Koreya Respublikasi) bilan “C5+1” formatidagi muloqot amalda mintaqa mamlakatlarining tashqi siyosiy strategiyalarini yaqindan muvofiqlashtirish vositasiga aylandi. Markaziy Osiyo respublikalari o‘z suvereniteti va milliy ustuvorliklarini saqlab qolgan holda xalqaro maydonda mintaqaviy xavfsizlik, transport-kommunikatsiya va texnologik rivojlanishning asosiy masalalari bo‘yicha umumiy, muvofiqlashtirilgan pozitsiyalardan turib ish ko‘rmoqda. Bu mintaqaning siyosiy va iqtisodiy salmog‘ini bir necha barobar oshirish hamda tashqi hamkorlar bilan pragmatik, teng huquqli munosabatlar o‘rnatish imkonini beradi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sammitdagi chiqishlari ularning kelajakka bo‘lgan qarashlari yuqori darajada mos kelishini ko‘rsatdi. Barcha rahbarlarning tashabbuslarida yagona o‘zak – xomashyoni shunchaki eksport qilish modelidan voz kechib, ishlab chiqarishni chuqur mahalliylashtirish va mintaqa ichida qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishga intilish yaqqol ko‘zga tashlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning sammitdagi nutqi «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» formatini amaliy jihatdan boyitish uchun yuksak mazmuniy mezonni belgilab berdi. Davlatimiz rahbari sheriklikni «ildam rivojlanish» yo‘liga o‘tkazishni taklif etib, quyidagi beshta strategik tashabbusni ilgari surdi.
Jumladan, «Markaziy Osiyo – Koreya» industrial-texnologik parki: O‘zbekistonda ilg‘or koreys ishlab chiqarishlarini mahalliylashtirish uchun yagona maydon yaratish, transport tugunlarini modernizatsiya qilish, uy-joy kommunal xo‘jaligini raqamlashtirish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga yo‘naltiriladi.
Koreya texnologiyalari mahalliy ishlab chiqarishga integratsiya qilinadigan yirik sanoat loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun Seulning yangi moslashuvchan vositasi sifatida 2,5 mlrd dollar ajratiladi. Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirish niyatida bo‘lgan Samsung, Hyundai, SK, LG kabi Koreyaning xususiy konglomeratlarini sug‘urtalash va kreditlash uchun qariyb 4,0 mlrd. dollar jalb etiladi.
Shuningdek, Koreya Respublikasi hukumati tomonidan qabul qilingan moliyaviy yordam paketi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, unda O‘zbekiston “K-Silk Road” sanoat blokining asosiy benefitsiari sifatida maydonga chiqmoqda. Janubiy Koreya Eksimbankining investitsiyalari Nurafshon shahrini raqamli habga aylantirishni yakunlash imkonini beradi hamda avtomobil butlovchi qismlari va elektronika ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga kuchli turtki berib, O‘zbekistonni mintaqadagi yetakchi sanoat markazlaridan biriga aylantiradi.
Seul sammiti mintaqamiz va Janubiy Koreya salohiyatlarining bir-birini to‘ldirishi Yevroosiyo xaritasida yangi yuqori texnologik o‘sish nuqtasini shakllantirishga qodir ekanligini tasdiqladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘zining yetukligi va birdamligini namoyish etdi, O‘zbekiston esa mintaqada integratsiya va modernizatsiya g‘oyalari generatori sifatidagi yetakchi rolini yana bir bor ko‘rsatib berdi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA