O‘zbekiston IT kompaniyalari uchun yangi bozorlar ochilmoqda
Seul shahrida Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Janubiy Koreyaning «PROTOTIE» texnologik kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi.
Muloqotda IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Jahongir Rajabov va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston raqamli yechimlarini Koreya Respublikasi va Malayziya bozorlarida ilgari surish, mahalliy IT-kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlash, IT-autsorsing va malakali mutaxassislarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.

«PROTOTIE» sun’iy intellekt asosida mutaxassislarni tanlash, IT-autsorsing va kompaniyalarning xorijiy bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan. Kompaniya 2026-yil yanvar oyidan IT Park Uzbekistan ishtirokchisi bo‘lib, O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasiga ega.
Ayni paytda kompaniya «UZINFOCOM» bilan hamkorlikda MyID Face va MyID Palm biometrik identifikatsiya texnologiyalari, videoanalitika, sun’iy intellekt asosida navbatlarni boshqarish yechimlari, «Muxlisa AI» ovozli assistenti, DMED raqamli tibbiyot platformasi kabi mahsulotlarni Koreya va Malayziya bozorlarida ilgari surmoqda.

Tomonlar ushbu tajribani IT Park Uzbekistan’ning boshqa ishtirokchi kompaniyalariga ham tatbiq etish, ularning mahsulotlarini xorijiy hamkorlar va potensial buyurtmachilarga taqdim etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, bozorni o‘rganish, mahsulotlarni mahalliylashtirish, B2B uchrashuvlar tashkil etish, qo‘shma pilot loyihalarni amalga oshirish va O‘zbekiston IT-mutaxassislarini jalb etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida IT-mahsulotlarni xalqaro bozorlarda ilgari surish, eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
Nigora Rahmonova, O‘zA