Stol tennisi: O‘zbekiston kubogi sovrindorlari aniqlandi
Poytaxtimizda 11 yosh toifasida stol tennisi bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi musobaqalari murosasiz va shiddatli kurashlarga boy kechdi.
O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi markaziy sport saroyida olti kun davomida o‘tgan bahslarda 11 yoshgacha bo‘lgan kichik raketka ustalari yakkalik, juftlik, aralash juftlik, jamoaviy va aralash jamoaviy yo‘nalishlarda kuch sinashdi.

Mamlakatimizning barcha hududlaridan mahoratli yosh sportchilar qatnashgan bahslar yakunida o‘z yo‘nalishlarida Diyora Adilova va Amir Shiriyev g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.

Shuningdek, mahoratli kichik raketka ustalaridan Nafisa Orifxonova, Suhaylo Salimova, Arujan Elizbayeva, Elbek Nurboyev, Anvarxon Orifxonov, Ollonur Holiqjonov sovrindorlar qatoridan joy egalladi.
Musobaqaning juftlik va aralash juftlik bahslarida Farg‘ona, Andijon, Toshkent viloyati jamoalari singari Jizzax va Xorazm viloyati vakillari sovrinli o‘rinlarga ega chiqdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA