Qashqadaryodan 16 nafar o‘qituvchi – “Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘olibi
O‘qituvchining mehnati – jamiyat kelajagiga qo‘shilgan eng muhim hissalardan biri. Bugun mamlakatimizda ta’lim sifati va pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Prezidentimiz tashabbusi bilan pedagoglar o‘rtasida ilk bor tashkil etilgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovi ham ana shu e’tiborning amaliy ifodasi bo‘ldi. Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatidan 16 nafar pedagog birinchi o‘rinni egallab, g‘oliblar safidan joy oldi.
Bu natija vohada faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning o‘z kasbiga sadoqati, bilim va tajribasi, zamonaviy ta’lim usullarini o‘zlashtirish borasidagi izlanishlari samarasi sifatida namoyon bo‘ldi.

Tanlovda birinchi o‘rinni egallagan har bir pedagogga 616 million so‘m – bazaviy hisoblash miqdorining 1 ming 400 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi.

E’tiborlisi, bunday e’tirof nafaqat g‘olib o‘qituvchilarning mehnatini munosib rag‘batlantiradi, balki ta’lim sohasida o‘z ustida ishlash, yangilikka intilish va kasbiy mahoratni oshirishga intilayotgan pedagoglar uchun ham muhim rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.

– Muborak tumanidagi 34-maktabda ona tili va adabiyot fanidan dars beraman, – deydi “Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘oliblaridan biri Fotima Tog‘ayeva. – Pedagogik faoliyatim davomida muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil qilingan “Yil o‘qituvchisi” tanlovida qatnashib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Bundan juda ham xursandman. Bugun ta’lim-tarbiya sohasiga juda katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Buni o‘zim misolimda ham yaqqol ko‘rib turibman. Shu kunga qadar pedagoglarga yaratilgan imkoniyatlarning deyarli barchasidan unumli foydalanib kelyapman. Oliy toifa va vazir ustamasini ham qo‘lga kiritib, bugungi kunda ming dollardan ziyod oylik olaman. Albatta, bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikka munosib javob berib, yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga yanada mas’uliyat bilan yondashishga va’da beramiz.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri