“STEM+”da Sirdaryo yoshlari g‘alaba qozondi
Toshkent shahridagi Prezident maktabida Prezident maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “STEM+” musobaqasining respublika bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi. Intellektual salohiyat, innovatsion fikrlash va jamoaviy hamkorlikni sinovdan o‘tkazgan mazkur nufuzli tanlovda Sirdaryo viloyati sharafini himoya qilgan Guliston shahridagi Prezident maktabi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa doirasida ishtirokchilar uchta asosiy yo‘nalish — savol-javob (quiz), innovatsion loyihalar taqdimoti hamda “Karl Popper” debat formati bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Har bir yo‘nalishda o‘quvchilarning mantiqiy fikrlashi, muammolarga kreativ yondashuvi, jamoada ishlash ko‘nikmalari va o‘z fikrini asosli himoya qila olishi alohida baholandi.

– Musobaqa o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini kompleks tarzda namoyon etish imkonini berdi. Ayniqsa, debat va loyiha taqdimotlari orqali ularning mustaqil fikrlashi va tahlil qilish salohiyati yanada ochildi, – deydi maktab maslahatchisi Madina Saparova.

Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy tarzda kechgan musobaqa yakuniga ko‘ra, 1-o‘rinni Guliston shahridagi Prezident maktabi, 2-o‘rinni Navoiy shahridagi Prezident maktabi, 3-o‘rinni esa Namangan shahridagi Prezident maktabi jamoalari qo‘lga kiritdi.


G‘olib jamoa barcha yo‘nalishlarda barqaror natija ko‘rsatib, ayniqsa, loyihalar taqdimoti va debat jarayonlarida yuqori tayyorgarligi, tahliliy fikrlashi hamda ishonchli chiqishlari bilan hakamlar hay’atining e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

– Ta’kidlash joizki, “STEM+” musobaqasi o‘quvchilarning aniq va tabiiy fanlarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning innovatsion va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, shuningdek, zamonaviy muammolarga amaliy yechimlar taklif eta oladigan raqobatbardosh yoshlarni shakllantirishga xizmat qiladi, – deydi Madina Saparova.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri