Sportsevar yoshlar safi kengaymoqda
Vatanimiz taraqqiyotining har bir dovoni yoshlarimiz hayoti, ularning intilishlari, turli sohalarda qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuqlari bilan chambarchas bog‘liq.
Vatanimiz taraqqiyotining har bir dovoni yoshlarimiz hayoti, ularning intilishlari, turli sohalarda qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuqlari bilan chambarchas bog‘liq.Istiqlolning dastlabki kunlaridayoq “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturining navqiron avlodga zamonaviy ta’lim-tarbiya berish, iqtidorini yuzaga chiqarish, ularni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalashda o‘rni beqiyos. Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirdi.
O‘g‘il-qizlar o‘rtasida sportni ommalashtirish maqsadida “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalaridan iborat uch bosqichli sport o‘yinlari joriy qilingani yoshlarimizning sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishi barobarida ularning iste’dod va mahoratini namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu borada “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan sport musobaqalari yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun keng imkoniyat yaratmoqda.
– Sport yoshlarning irodali, qat’iyatli bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qiladi, – deydi “Kamolot” YoIH markaziy kengashining sport loyihalari bo‘limi mudiri Umid Rajabov. – Musobaqalarni tashkil etishdan maqsad korxona va tashkilotlar, o‘quv muassasalaridagi yoshlar o‘rtasida sportni izchil rivojlantirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishdan iboratdir.
Yoshlarning intellektual va mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish maqsadida umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida “Kamolot” shaxmat taxtasi” respublika turniri muntazam o‘tkazilmoqda. Shaxmatga yoshlarning qiziqishi yildan-yilga ortib borayotganini mazkur turnirda ishtirok etayotgan yigit-qizlar safi kengayib borayotganida ham ko‘rish mumkin. 2013-yilda 245 ming, 2014-yilda 300 ming yoshlar musobaqaning turli bosqichlarida o‘z mahoratini namoyish etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 438 mingdan oshdi.
Qizlar o‘rtasida sportni ommalashtirish maqsadida o‘tkaziladigan stol tennisi bo‘yicha “Kamolot” malikasi” sport musobaqasi ham yoshlarning sevimli tadbirlaridan biriga aylandi. Joriy yilning mart oyida ushbu musobaqa uch bosqichda o‘tkazildi. Unda barcha umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida tahsil olayotgan 43 ming qiz ishtirok etdi.
Futbol bo‘yicha an’anaviy “Kamolot” kubogi” respublika turnirining joriy yilgi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasidagi bahslari yuqori saviyada tashkil etildi. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘rtasidagi tuman (shahar) va viloyat bosqichlarida jami 23 mingdan ortiq o‘quvchi o‘zaro kuch sinashdi.
“Biz – sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz” aksiyasi doirasida murabbiylar tomonidan olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlari yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, shuningdek, OIV/OITS kasalligi, giyohvandlik, ichkilikbozlik, tamaki chekish kabi inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi illatlarning oldini olishga qaratilgandir. Shu kunlarda yozgi oromgohlarda turli sport-sog‘lomlashtirish musobaqalari uyushtirilib, noxush illatlarning inson salomatligiga salbiy ta’siri aks etgan sahna ko‘rinishlari namoyish etilayotgani ham o‘z samaralarini bermoqda.
Sport insonni sog‘lom va baquvvat qilish bilan birga, unda maqsad sari intilish, mustahkam iroda, qat’iyat, ishonch va dadillik kabi xislatlarni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
Ota-onalar farzandlarining sport bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratib berilgani, oradan ko‘p o‘tmay ularning o‘qishida, yurish-turishida, dunyoqarashida ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanganini mamnuniyat bilan qayd etishadi. Bu sportning o‘g‘il-qizlar tarbiyasida naqadar muhim o‘rin tutishidan dalolatdir.