Sportni rivojlantirish masalasi deputatlar bilan muhokama qilindi
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan sessiyasida viloyatda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, bu borada mavjud muammolarga yechim topish masalasi muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri A.Ikromov va viloyat hokimi A.Boboyev ishtirokida o‘tkazilgan sessiyada avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida shu yilning 7-aprel kuni jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosiga e’tibor qaratildi.

Ta’kidlanishicha, viloyatda o‘tgan yil “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarida 14 sport turi bo‘yicha 1,3 million nafardan ziyod yoki 80 foiz yoshlar qamrab olingan. Musobaqalar yakuniga ko‘ra, viloyat jamoasi 18 ta oltin, 14 ta kumush, 8 ta bronza medallari bilan Respublikada birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, 2025-yilgi kompleks va xalqaro sport musobaqalarida samarqandlik sportchilar tomonidan jami 143 ta medal (43 ta oltin, 56 ta kumush, 44 ta bronza) qo‘lga kiritilgan.

Sport vaziri A.Ikromov o‘tgan yil “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalarida viloyat delegatsiyasi 222 nafar sportchi bilan ishtirok etib, 31 ta medal (8 ta oltin, 6 ta kumush, 17 ta bronza) bilan umumjamoa hisobida 7-o‘rinni egallagani viloyat sporti salohiyatiga mos kelmasligini qayd etdi. Toyloq olimpiya va paralimpiya markazi, Samarqand shahridagi 2-son sport maktabi, Jomboy va Qo‘shrabot tumanlaridagi sport muassasalari sportchilari ushbu musobaqalarda qoniqarli natija ko‘rsatmaganini tanqid qildi.
Sessiyada davlat rahbari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar va o‘tgan yilgi natijalardan kelib chiqib, yil yakuniga qadar “Besh tashabbus olimpiadasi” va boshqa 12 mingdan ortiq ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish orqali 1,9 million aholini qamrab olish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, 5 ming nafar iqtidorli yoshlarni sport maktablariga seleksiya qilish, joriy yilda Yaponiyaning Aichi va Nagoya shahrida bo‘lib o‘tadigan yozgi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlariga viloyat sportchilarini tayyorlash va kamida 34 nafar sportchining muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash bo‘yicha soha vakillariga topshiriqlar berildi. Sport sohasida belgilab berilgan maqsadli ko‘rsatkichlar va ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha viloyat ishchi guruhi tuzildi.

Sessiyada muhokama etilgan masala yuzasidan deputatlar, sport sohasi mas’ullari o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri