Yoshlar kelajagi davlat etiborining ustuvor yo‘nalishidir
Buxoro viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, yoshlar bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimini hayotga samarali tatbiq etish hamda ularning bandligi, ta’lim olishi va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yanada keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan muhim ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Buxoro davlat universitetida tashkil etilgan mazkur uchrashuv nafaqat yoshlarning dardu tashvishlarini eshitish, balki ularning orzu-intilishlari, tashabbuslari va takliflarini davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Buxoro viloyati boshqarmasi, viloyat hokimligi hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyati boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Respublika ishchi guruhi a’zolari, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari va bitiruvchilari, ularning ota-onalari, professor-o‘qituvchilar, davlat idoralari hamda tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishdi.
Ochiq muloqotda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev va Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mahallalarda yoshlar bilan ishlashning yangi mexanizmlari hamda yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar haqida atroflicha to‘xtalishdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda Buxoro viloyatining 516 ta mahallasida yoshlar bilan manzilli ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bilan bir qatorda, joriy yilda o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarini tamomlayotgan qariyb 22 ming nafar yoshning bandligini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Bu maqsadda davlat idoralari, ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda.
Uchrashuvning eng ahamiyatli jihati shundaki, yoshlar o‘z fikrini erkin bildirish, muammolarini bevosita mas’ullarga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Buxoro davlat universiteti, Buxoro davlat pedagogika instituti, Buxoro davlat texnika universiteti va Buxoro davlat tibbiyot instituti talabalari hamda bitiruvchilari mehnat bozoridagi imkoniyatlar, mavjud vakant ish o‘rinlari, kasb tanlash, amaliy yordam va kelgusidagi faoliyatiga doir taklif hamda mulohazalarini bildirishdi.

Mutasaddilar tomonidan xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalardagi bo‘sh ish o‘rinlari, yosh mutaxassislarga yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga, kasb tanlashda bilim, malaka, tashabbuskorlik va doimiy izlanish insonni muvaffaqiyat sari yetaklovchi eng muhim omil ekani alohida ta’kidlandi.
Muloqot davomida 50 ga yaqin murojaat, taklif va muammolar eshitildi. Ularning aksariyati ishga joylashish, magistraturada tahsilni davom ettirish, mutaxassislik bo‘yicha ish topish, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga oid bo‘ldi.
Jumladan, Buxoro davlat universiteti Xorijiy tillar filologiyasi fakulteti bitiruvchisi, G‘ijduvon tumanining Sarmijon mahallasida yashovchi Maftuna Ro‘ziyeva o‘z murojaatida bakalavriatni muvaffaqiyatli tamomlaganini, bir vaqtning o‘zida ishlab, magistraturada tahsil olishni rejalashtirayotganini, ammo amaliyot o‘tagan ta’lim muassasasida ixtisosligi bo‘yicha bo‘sh ish o‘rni mavjud emasligini ma’lum qildi. Uning murojaati joyidayoq ko‘rib chiqilib, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari tomonidan mazkur masalani ijobiy hal etish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilishi bildirildi.

Tadbir davomida faol va tashabbuskor uyushmagan yoshlar ham munosib rag‘batlantirildi. Vobkentlik Og‘abek Qurbonov va Romitanlik Abdulxay Abdulovga motokultivatorlar, Buxoro shahridan Jasmina Muzaffarova hamda Kogon shahridan Shuhrat Nabiyevga noutbuklar tantanali ravishda topshirildi. Bu esa yoshlarning mehnat qilish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish va o‘z g‘oyalarini amalga oshirishga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi.
Shuningdek, uchrashuvda mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy o‘quv muassasalarida yaratilayotgan imkoniyatlar, xorijda ta’lim olish dasturlari, davlat grantlari, imtiyozlar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlar haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi.

Buxoroda bo‘lib o‘tgan mazkur ochiq muloqot yoshlar bilan ishlashning mutlaqo yangi yondashuvini namoyon etdi. Bu uchrashuvda muammolar shunchaki eshitilmadi — ularni hal etish bo‘yicha aniq mas’ullar belgilandi, amaliy yechimlar taklif etildi va yoshlarga ishonch bildirildi. Eng muhimi, har bir yoshning taqdiri, orzu-intilishi va kelajagi davlat siyosati markazida ekani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
Zero, bilimli, tashabbuskor va vatanparvar yoshlar — Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi, mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligining mustahkam poydevoridir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri