Sportchilar bilan onlayn muloqot
Olimpiya shon-shuhrati muzeyida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 24-yilligi munosabati bilan jahon arenalarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilayotgan sportchilar ishtirokida “Mustaqillik – mening taqdirimda” mavzusida “Kamolot”da mehmonda” onlayn muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Olimpiya shon-shuhrati muzeyida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 24-yilligi munosabati bilan jahon arenalarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilayotgan sportchilar ishtirokida “Mustaqillik – mening taqdirimda” mavzusida “Kamolot”da mehmonda” onlayn muloqoti bo‘lib o‘tdi.“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan tashkil etilgan tadbirda nufuzli musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan paralimpiyachilarimiz va o‘zbek jang san’ati ustalari qatnashdi.
Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olishi, salomatligini mustahkamlashi, o‘z qiziqish va intilishiga mos kasb-hunar egallashi, sport bilan shug‘ullanishiga doimiy e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Buning samarasida yurtimiz paralimpiyachilari ham jahon arenalarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Onlayn muloqotda paralimpiyachilarimizdan Miran Saxatov, Mavlon Haydarov, Dilafro‘z Axmatxonova, Ma’ruf Murodullayev, Roza Qo‘ziyeva, paralimpiya bo‘yicha sport mutaxassisi Kamola Sharofiddinova sportchilarimizning nufuzli musobaqalarda erishayotgan natijalari zamirida mamlakatimizda yoshlarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani mujassam ekanini ta’kidladi.
Onlayn muloqot uchun yurtimizning turli hududlaridan kelgan uch yuzdan ortiq savolga javob berildi. Fikr-mulohazalar muloqot davomida ishchi guruh tomonidan saytning forum bo‘limiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritilib, yoshlar tomonidan internet orqali kuzatib borildi.
– Yurtboshimizning bevosita g‘amxo‘rligi, sportda o‘z qobiliyatini namoyish etishga intilayotgan yoshlarni doimiy qo‘llab-quvvatlashi bizga yuksak iftixor, ruhiy madad bag‘ishlaydi, – deydi M.Haydarov. – Ana shu g‘amxo‘rlik tufayli hayotda, jamiyatda o‘z o‘rnimizni topayapmiz. Sport maydonlarida erishgan barcha g‘alabam shu beqiyos mehr va e’tiborning samarasi. Kelgusida Vatanimiz sport salohiyatining yanada yuksalishiga hissa qo‘shish niyatidaman.
Tadbirda qatnashgan yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.