Sport tovarlarini ishlab chiqarish kengaymoqda
Mamlakatimizda sport mahsulotlari ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi va kengaytirilishi aholi, birinchi navbatda, yosh avlodni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga ommaviy jalb etishda muhim omil bo‘lmoqda.
“Sport – tinchlik elchisidir. Sport – sport uchun emas, eng avvalo, odamlar uchun, ularni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan komil insonlar etib tarbiyalash uchun, yer yuzidagi barcha kishilarning tinchlik-osoyishtaligi, do‘stlik va hamkorligi, baxt-saodati uchun xizmat qilishi darkor”. Prezidentimiz Islom Karimov bu so‘zlarni 1994-yil 30-mayda Toshkentda o‘tgan I xalqaro tennis turnirining ochilish marosimida ta’kidlab, O‘zbekistonning sportni rivojlantirishda tanlagan yo‘li, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishni butun dunyoga namoyish etgan edi.
Mamlakatimizda sport inventari va jihozlarini ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning salmoqli samaralaridan biriga aylandi. Yurtimizda turli sport inshootlarining bunyod etilayotgani esa tarmoqni yanada rivojlantirish va ularni jihozlash uchun sifatli va arzon mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishni taqozo etmoqda. Bunday mahsulotlarga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida sport tovarlarini ishlab chiqarish imkoniyatlari o‘rganib chiqildi, zamonaviy inventarlar to‘plami katalogi tuzilib, mahsulot ishlab chiqarishga mas’ul kompaniya va korxonalar belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-fevralda qabul qilingan “2008-2012-yillar davrida ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish asosida sifatli sport anjomlari, inventarlari va asbob-uskunalari ishlab chiqarishni kengaytirish dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yigirmadan ziyod kompaniya hamda xususiy tadbirkorlar sport tovarlari ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi va ularning turini kengaytirmoqda.
Bugungi kunda sport tovarlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ko‘plab kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayni paytda ular tomonidan 120 xil zarur sport inventarlari, asbob-uskuna va trenajyorlarining 116 turi, shuningdek, sport kiyim va poyabzallari ishlab chiqarilmoqda. Zamonaviy talablarga mos sport tovarlarining yurtimizda ommaviy ishlab chiqarilayotgani natijasida bunday mahsulotlarning chetdan olib kelinishi to‘xtatildi. Bundan tashqari, “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i bosilgan sport tovarlari xorijiy mamlakatlarga ham eksport qilinmoqda.
2002-yilda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ushbu muvaffaqiyatlarga erishishda muhim o‘rin tutmoqda. 2003-2013-yillarda jamg‘arma mablag‘lari hisobidan mamlakatimizda 1,8 mingdan ortiq zamonaviy bolalar sporti obyekti qurilib, foydalanishga topshirildi. O‘tgan yili 113 sport inshooti va suzish havzasi bunyod etildi. Mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilariga sport inventarlari ishlab chiqaradigan uskunalarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘tgan yillar mobaynida jamg‘arma tomonidan dunyodagi yetakchi firma va kompaniyalar mahsulotlarining bir necha ko‘rgazmalari o‘tkazildi, turli aksiyalar tashkil etildi.
Prezidentimiz Islom Karimov – O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining raisi sport inventarlari ishlab chiqarishda ularning sifati va qulayligi, chet elnikidan qolishmaydigan inventarlar ishlab chiqarish hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi. Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida mamlakatimiz korxonalari, kompaniya va firmalarida mahsulotlarni sertifikatlashtirish va standartlashtirish, sinash, o‘lchashning ilg‘or shakl, usul va vositalari joriy etilmoqda. Buning samarasida yurtimizda ishlab chiqarilayotgan sport tovarlari hech bir jihatdan xorijnikidan qolishmaydi, narxi ham nisbatan arzon.
Samarqanddagi “Stekloplastik” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tibbiyot, o‘quv mebel va jihozlaridan tashqari 60 dan ortiq turdagi sport mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Sport inshootlari uchun qulay o‘rindiqlar, shohsupa, stol tennisi stoli, basketbol shchitlari, balandlikka sakrash, badminton, voleybol, katta tennis ustunlari, tramplin, yengil va og‘ir atletika mashg‘ulotlari uchun zarur jihozlar, shuningdek, boshqa turdagi sport inventarlari shular jumlasidandir. Korxona har yili qiymati bir necha milliard so‘mlik sport mahsulotlari yetkazib bermoqda.
– Mamlakatimizda sport tovarlari ishlab chiqaruvchilari uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilmoqda, – deydi toshkentlik xususiy tadbirkor Muhammadamin Mirsodiqov. – Buning samarasida 1999-yil farzandlarim bilan birgalikda shaxmat va shashka donalari hamda doskalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Faoliyatimiz asta-sekin rivojlandi. 2004-yildan buyon O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tenderlarida muntazam ishtirok etib, g‘olib bo‘layotganimiz buning yaqqol tasdig‘idir. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi buyurtmasi bo‘yicha magnitli shaxmat doskalari ishlab chiqarmoqdamiz.
Raqobatni rivojlantirish mahsulot sifatini muttasil oshirishga yordam beradi. Bozor munosabatlarining ushbu qoidasi mamlakatimiz sport tovarlari bozorida o‘z tasdig‘ini topmoqda. Masalan, Namangandagi “Mashxim” mas’uliyati cheklangan jamiyati, poytaxtimizdagi “Alpha Sport” kompaniyasi, Samarqanddagi “Par Impeks” ishlab chiqarish-konstruktorlik korxonasi va boshqa korxonalarda trenajyorlar ishlab chiqarilmoqda. “Stekloplastik” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Fayz-xolding” kompaniyasi, “Table Uz” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Shahrisabz mebel” qo‘shma korxonasi, “Qalb me’mori nuri” xususiy korxonasi, “Asia Sport-S” xususiy firmasi va boshqa korxonalarda stol tennisi uchun stollar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.
– Bugungi kunda stol tennisi O‘zbekistonda eng ommaviy va keng tarqalgan sport turlaridan biridir, – deydi Xorazm viloyatidagi “Pitnak Texmetprom” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Muxtorbek Matyoqubov. – Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sifatli tennis stollari arzonligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. 2011-yildan buyon sport mebellari ishlab chiqarilayotgan korxonamizda mahsulot sifatini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada jahondagi boshqa ishlab chiqaruvchilar tajribasini o‘rganib, zamon bilan hamqadam bo‘lishga intilmoqdamiz. Bugungi kunda mahsulotlarimizga nafaqat mamlakatimiz, balki xorijiy davlatlardan ham buyurtmalar tushmoqda.
Hech bir musobaqani elektron axborot tablolarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Turli shakl va formatdagi yorug‘lik diodli tablolar “Telemetrik” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotir. Ana shunday turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha mamlakatimizda yetakchilardan biri bo‘lgan ushbu korxona “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada respublika musobaqalari o‘tadigan sport majmualarini uzoq muddat xizmat qiladigan hamda elektr energiyasini tejaydigan tablolar bilan ta’minlab kelmoqda.
“GM-Uzbekistan” tarkibiga kiradigan Andijondagi “Uz-Tong-Xong Ko” O‘zbekiston–Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi mamlakatimizda birinchi bo‘lib basketbol, futbol, voleybol, gandbol to‘plari va tennis koptoklarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Ushbu mahsulotlar Prezidentimiznng 2010-yil 5-mayda qabul qilingan “Bolalar sporti obyektlaridan foydalanish samaradorligini oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqarilayotir. 1996-yilda avtomobil o‘rindiqlari ishlab chiqarish maqsadida tashkil etilgan korxona yiliga 80 mingdan ziyod turli to‘plar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ikki yil avval bu yerda sport poyabzallari ham ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Mamlakatimizda sport mahsulotlari ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi va kengaytirilishi aholi, birinchi navbatda, yosh avlodni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga ommaviy jalb etishda muhim omil bo‘lmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, yoshlarni jismoniy va ma’naviy jihatdan mutanosib rivojlantirishga qaratilgan bu tizimning yo‘lga qo‘yilishi har tomonlama to‘g‘ri bo‘lganini bugun hayotning o‘zi tasdiqlab bermoqda. Shaharu qishloqlarimizda bunyod etilgan zamonaviy sport majmualarida bolalar sport bilan muntazam shug‘ullanib, salomatligini mustahkamlamoqda. Sog‘lom, kuchli, mard va qat’iyatli bo‘lib kamolga yetmoqda. Farzandlarimizning irodasi toblanmoqda, turmush tarzi, dunyoqarashi o‘zgarmoqda.
Sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha nufuzli xalqaro musobaqalarda oltin, kumush va bronza medallarni qo‘lga kiritayotgan sportchilarimizning muvaffaqiyatlari ham buning yaqqol tasdig‘idir. Shu kunlarda Xitoyning Nankin shahrida bo‘lib o‘tayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi II Olimpiya o‘yinlarida ham mamlakatimiz yoshlari o‘z iste’dod va qobiliyatini butun dunyoga namoyish etmoqda. Zero, yurtimizda yosh avlod vakillarining iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarish uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratilgan.