Sport ta’limi: islohot, amaliyot va samaralar
Munosabat
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni yanada yuksaltirish, aholining barcha qatlamlari orasida sportning ommaviyligini oshirish, sport ta’limini takomillashtirish asnosida sog‘lom turmush tarzi asoslarini keng ko‘lamda targ‘ib etish, yangilanayotgan O‘zbekistonda ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Sababi – uchinchi Uyg‘onish-Renessans davrining tamal toshini sog‘lom, jismonan va ma’nan barkamol, o‘z hayotiy qarashlari va mustahkam e’tiqodiga ega bo‘lgan, yangicha islohotlarga kreativ yondasha oladigan yoshlar qo‘ya oladi. Malakali sport kadrlarini zamonaviy yondashuvlardan kelib chiqib yangicha sharoitlarda tayyorlash, yangi avlod sportchilari va murabbiylarini yetishtirish orqali jismoniy tarbiya va sport sohasidagi yutuqlarimizni yanada oshirish, sport ta’limidagi o‘quv, o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot jarayonlarini dunyo tan olayotgan xalqaro mezonlar asosida tashkil qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston davlat sport akademiyasi faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida o‘z tasdig‘ini topdi.
Qarorga muvofiq Sport vazirligi huzuridagi Oliy sport mahorati instituti negizida – yuridik shaxs maqomi va moliyalashtirish tartibi saqlangan holda 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab sport akademiyasi faoliyatini boshlaydi. Mazkur qaror asosida Akademiya zimmasiga sport sohasida natijalari yuqori bo‘lgan davlatlarning yetakchi oliy sport ta’limi tashkilotlari tajribasi asosida zamonaviy kadrlarni tayyorlash, kadrlarni tayyorlash jarayoniga xorijiy tajribalarni qo‘llagan holda o‘quv jarayonini tashkil qilish vazifasi yuklatilgan. Shuningdek, ilmiy asoslangan metodikalarni yaratish, sport sohasida kompleks ilmiy tadqiqotlar, eksperimentlar hamda laborator sinovlar tashkil etish, jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning zamonaviy o‘qitish mexanizmlarini joriy etish belgilangan. Respublikada sport sohasida zamonaviy nazariya va amaliyot tizimini joriy qilish usullari hamda xususiyatlarini o‘rganish orqali yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlab borish, musobaqalar natijalarini chuqur ilmiy yondashuv asosida tahlil qilib borish, ular natijasida sportdagi yutuqlarni yanada kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish ham asosiy maqsad etib yuklatilgan.
Akademiyaga talabalarni qabul qilish parametrlari Respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi doirasida belgilanib quyidagi muhim jihatlariga e’tibor qaratiladi:
Akademiya talabalarining kontingenti, birinchi navbatda, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida rivojlantirilayotgan sport turlari bo‘yicha so‘nggi bir yilda Jahon, Osiyo va O‘zbekiston chempionatlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan olimpiya va paralimpiya kollejlari, shuningdek, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarining bitiruvchilari orasidan ularning sport natijalariga qarab, saralash (seleksiya) asosida shakllantiriladi.
Muhim jihati shundaki, birinchidan, olimpiya va paralimpiya kollejlaridan saralab olingan bitiruvchilar Akademiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi bosqichga qabul qilinadi.
Ikkinchidan, Akademiya talabalari sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga muvofiq o‘tkaziladigan respublika musobaqalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etadi.
Uchinchidan, Akademiyada sport turlari bo‘yicha tahsil olayotgan talabalarni yashash uchun zaruriy jihozlar hamda sutkalik oziq-ovqat normasi bilan ta’minlashda olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari normativlari tatbiq etiladi. Sport ta’limida hozir faoliyat ko‘rsatayotgan jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda uning tegishli filiallari, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti akademiya tasarrufiga kiritildi.
Sport akademiyasi o‘z faoliyati davomida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun malaka talablarini belgilangan tartibda ishlab chiqish, ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi asosida sport ta’limi jarayonlarining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini belgilash, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda ularning o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqish hamda tasdiqlash, sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va homiylik mablag‘lari hisobidan xorijiy mutaxassislarni, shu jumladan, mahalliy yuqori malakali professor-o‘qituvchilarni, terma jamoa trenerlarini jalb qilish, shuningdek, mehnatga haq to‘lash miqdorlarini bozor konyunkturasidan kelib chiqqan holda o‘rnatilgan tartibda belgilash huquqiga egadir.
Sport ta’limi rivojlangan mamlakatlardan yetakchi olimlar va malakali murabbiylar taklif etilib, ilg‘or innovatsion g‘oya va ko‘nikmalarni o‘zlashtirish asnosida ilmiy tadqiqot ishlarini yuksaltirish, ilmiy-nazariy manbalarga tayangan holda sportchi hamda murabbiylarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, xorijiy sheriklar bilan ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida idoralararo bitimlar hamda shartnomalar tuzish, uzoq va qisqa muddatli mutaxassislar almashinuvini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarni imzolash ham Akademiya zimmasiga yuklatildi.
Akademiyani tamomlagan bitiruvchilarga trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun malaka sertifikati, istisno tariqasida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri 6 yilga beriladi. Eng muhimi, mutaxassisligi bo‘yicha 3 yil va undan ziyod ish stajiga ega bo‘lganlar rahbarlik lavozimlariga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi. Sport akademiyasi tizimida davlat muassasasi shaklidagi Davlat sport tibbiyoti ilmiy amaliy markazini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan. Davlat sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi sport tibbiyoti sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi, sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoalari a’zolarini tibbiy jihatdan musobaqalarga tayyorlashni tashkil qiluvchi davlat tibbiyot muassasasi hisoblanadi.
Sportchilarga xorijiy tillarni va O‘zbekiston tarixini chuqurlashtirgan holda o‘rgatish maqsadida Akademiya tuzilmasida Axborot-kutubxona markazini o‘z ichiga oluvchi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston tarixi va xorijiy tillarni o‘qitish markazi tashkil etiladi. Bu markazda o‘quv va ilmiy adabiyotlar, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun badiiy adabiyotlar fondi tashkil etiladi. Talabalar eng avvalo, o‘z ona tilining tarixi va kelib chiqishini, undan keyin xorijiy tillarni va sport ta’limi rivojlangan mamlakatlarning tarixini o‘rganishi maqsadga muvofiq.
Sport akademiyasida bakalavriatda sport faoliyati, adaptiv jismoniy tarbiya va sport (parasport), sport menejmenti, magistraturada sport faoliyati (faoliyat turlari bo‘yicha), adaptiv jismoniy tarbiya va sport (parasport), sport huquqi, sport menejmenti, sport marketingi, sport psixologiyasi mutaxassisliklari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanishi rejalashtirilgan. Ko‘zlangan asosiy maqsad esa jismoniy tarbiya va sport sohasida zamonaviy bilimlar, ta’lim tizimida ilmiy-amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar, muayyan ko‘nikmasi bor, iqtidorli murabbiylarni tayyorlashdan iborat.
Jasur Zarifboyev,
O‘zDJTSU xalqaro hamkorlik ishlari bo‘yicha prorektori,
Nodir G‘afforov,
O‘zbek va chet tillari kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori