So‘zga aylangan umrlar
Inson umri qisqa bo‘lishi mumkin. Ammo qalbdan chiqqan so‘zning umri – barhayot. Adabiyotda shunday ijodkorlar borki, ular hayotdan erta ketgan bo‘lsa-da, asarlari orqali avlodlar bilan muloqot qilishda davom etadi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur uyushma tomonidan «Tirik satrlar» turkumi asosida nashr etilgan kitoblar ana shunday ijodkorlar merosini bir joyga jamlash, ularning nomini yana bir bor kitobxonga tanitish va adabiy xotirani asrashga qaratilgan.
Turkumga kiritilgan ijodkorlarning har biri o‘z davri va o‘ziga xos badiiy dunyosi bilan ajralib turadi.
Yusuf Shomansur (1936–1978) – shoir, nosir, dramaturg va adabiyotshunos. Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent davlat pedagogika instituti va Moskvadagi Oliy adabiyot kurslarida tahsil olgan. «Mehringga to‘ymayman», «Qalam va umr», «Yuragim», «Tabassum», «Dostonlar» kabi kitoblari, «Qora marvarid» romani nashr etilgan. Jahon adabiyoti namunalarini ham o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Xayriddin Saloh (1934–1969) – shoir, tarjimon va adabiy xodim. Toshkentda tug‘ilgan. «Chashma», «Ikkinchi imtihon», «Ishqim va rashkim», «Na’matak» kabi she’riy kitoblari, «Toshkent bilan suhbat» asari muallifi. Geyne, Bayron, Lermontov, Shevchenko, Hamzatov kabi ijodkorlar asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Asqar Qosim (1946–1986) – shoir va tarjimon. «Favvora», «Moviy osmon», «Zamin ko‘rki», «Tolbargak», «Ko‘ngil kabutari», «Sirlar» kabi to‘plamlari nashr etilgan. Yevripidning «Medeya»si va Esxil asarlarini tarjima qilgan.

Tilak Jo‘ra (1947–1994) – shoir va adabiyotshunos. Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida tug‘ilgan. «Rayhon», «Olam ostonasi», «Yulduzlar tabassumi», «Chorrahadagi uy», «Sanduvoch», «Ruhiyat» kabi kitoblari bilan tanilgan. Turk adabiyoti va Nozim Hikmat ijodi haqida ham tadqiqotlar yaratgan.
Nazar Shukur (1954–1985) – shoir. Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida tug‘ilgan. «Ko‘kdagi umr», «Qishloq yo‘llarida», «Vaqt xiyobonida», «Meni kechir, muhabbat», «Vido» kabi kitoblari nashr etilgan.

Asqar Mahkam (1958–2007) – shoir va tarjimon. Uning «Tazarru», «Tavajjuh», «Ishq», «Ibodat», «Haq», «Analhaq», «Tabriz daftari», «Oqkitob» kabi asarlari bor. Ijodida ma’naviyat, iymon, ishq va inson ruhiyati mavzulari muhim o‘rin tutadi. «Avesto» va Rumiyning «Ma’naviy masnaviy»si kabi asarlarni tarjima qilgan.

Ravshan Fayz (1959–1995) – Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan shoir. «Uxlayotgan odam», «Tashrif», «Kel, ey ko‘nglim», bolalar uchun «Men shamolni tutvoldim» kitoblarini yaratgan. 1995-yilda avtomobil halokati tufayli vafot etgan.

Ne’mat Hayrat – Saidvaliyev nomi ham seriyadagi ijodkorlar qatorida keladi. Manbalarda uning Oliy adabiyot kurslarida tahsil olgani, she’riyatga qiziqib, romantik ruhda she’rlar yozgani qayd etilgan. U haqidagi biografik ma’lumotlar boshqa ijodkorlarnikiga nisbatan kamroq.

Jahongir Xolmirzayev (1974–2016) – yozuvchi, Shukur Xolmirzayevning kenja o‘g‘li. O‘zbekiston Milliy universitetining “Oliy adabiyot kursi”ni tamomlagan (2001). Jahongir Xolmirzayev 1974-yil 7-avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2001-yilda O‘zbekiston Milliy universitetining «Oliy adabiyot kursi»ni tamomlagan. Uning «Faqat hayot adabiy», «O‘tgan kunlaridan», «Ovchi», «Sovg‘a», «Yozuvchining so‘nggi kunlari», «Orzu daraxti» hikoyalari, «Xush qol, sehrli diyor» qissasi, «Yigirma yildan so‘ng», «So‘nggi romantik portreti» esselari adabiyot muxlislariga yaxshi tanish.

Zarif Sultoniy – Zarif G‘afurov «Benazir Muhammad» taxallusi bilan ham ijod qilgan. 1972-yilda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. Uning she’rlari adabiy manbalarda jamlangan bo‘lib, ijodida inson qalbi, hayot kechinmalari va ruhiy holatlar muhim o‘rin egallaydi.

Jo‘rabek Ramazon (1983–2014) – Boysundan yetishib chiqqan shoir va yozuvchi. «Tavallo», «Bugun», «Yur, qochib ketamiz» she’riy to‘plamlari nashr etilgan. «Men shu yomon qizni yaxshi ko‘raman» she’ri keng ommalashgan.

Mansur Jumayev (1991–2024) — Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida tug‘ilgan shoir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan.

«Oq orzularim», «Hayrat qo‘shiqlari», «Hazrati ishq», «Biz kutgan fasl» kabi to‘plamlari nashr etilgan. She’rlari bir qator xorijiy tillarga tarjima qilingan. Nasrda ham ijod qilib, insonlar hayoti va qishloq odamlari taqdirini yoritgan.
Bu ijodkorlarning adabiy merosini bir joyga jamlash — o‘tmishga oddiy nazar tashlash emas. Ularning asarlari orqali o‘zbek she’riyatining turli davrlaridagi ruhiy muhit, inson kechinmalari, muhabbat, sog‘inch, Vatan, ma’naviyat va hayot haqidagi qarashlarni ko‘rish mumkin.
«Tirik satrlar»ning ahamiyati ham shunda: kitobxon bir vaqtlar yashab, ijod qilgan shoirning satrlarini bugun o‘qib, u bilan ma’naviy muloqotga kirishadi. Zamon o‘zgaradi, o‘quvchi almashadi, ammo haqiqiy adabiy asar yangi avlod uchun har safar yangi ma’no kasb etadi.
Shu ma’noda, mazkur turkumni adabiy xotiraning muhim ko‘rinishi, deb baholash mumkin. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida «Adabiyot» nashriyotida chop etilgan kitoblar orqali mazkur ijodkorlarning merosi yana kitobxon qo‘liga qaytmoqda.Zero, insonning hayoti tugaydi. Ammo uning so‘zi tugamaydi. Agar u so‘z bir qalbdan boshqa qalbga yetib borsa, she’r qog‘ozda emas, inson xotirasida yashaydi. «Tirik satrlar» nomi ham turkumning asosiy g‘oyasini ana shu haqiqatda mujassam etadi: shoirning umri tugaydi, ammo uning so‘zi o‘quvchi bor ekan, yashashda davom etadi.
N.Usmonova,
O‘zA