O‘zbekiston AQSH bilan raqamli san’at va ilm-fanda hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi
Raqamli san’at va ilm-fan integratsiyasi uchun muhim kelishuv imzolandi. Bu mamlakat madaniy merosiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Ma’lumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan bir qancha ijodiy birlashmalar tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad madaniyat va san’atning har bir bo‘g‘inini alohida tizim sifatida rivojlantirish. Qayd etish kerakki, mazkur tashabbus qisqa fursat ichida o‘zining ijobiy samarasini berib, qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bosqichma-bosqich zarur xalqaro hamkorliklar ham o‘rnatilmoqda.
Ana shunday imkoniyatlardan foydalanish maqsadida O‘zbekiston madaniyat vaziri maslahatchisi, Raqamli san’at ijodiy birlashmasi rahbari Rauf Nabiyev AQSHning "Albany universiteti" vitse-prezidenti doktor Karol H.Kim bilan hamkorlik memorandumi imzoladi. Memorandumga muvofiq, Raqamli san’at ijodiy birlashmasi va Kasbiy ta’lim agentligining tegishli mutaxassislari hamda bitiruvchilari AQSHda R&D – tadqiqot va rivojlantirish yo‘nalishida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Hamkorlik doirasida o‘zbekistonlik va amerikalik olimlar ishtirokida O‘zbekiston madaniyati sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish ko‘zda tutilgan. Bu esa milliy merosni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganish, raqamlashtirish va yangi texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish uchun muhim imkoniyat yaratadi.
Ta’kidlanishicha, mazkur kelishuv O‘zbekiston madaniyati sohasida ilm-fan, ta’lim va raqamli texnologiyalarni o‘zaro integratsiyalash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib, sohada yangi bilim va innovatsion yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, hamkorlik natijasida mutaxassislarning xalqaro tajribasini oshirish, ilmiy-tadqiqot salohiyatini kuchaytirish hamda O‘zbekiston madaniyatini zamonaviy raqamli imkoniyatlar asosida rivojlantirish uchun yangi istiqbollar ochiladi.
Sherbek Islomov,
O‘zA