Soxta hujjatlardagi 635 ming AQSH dollari fosh bo‘ldi
Farg‘ona viloyatining “Rishton” chegara bojxona postida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda valyuta olib o‘tayotgan ikki nafar shaxsning harakatlari shubha uyg‘otdi. B.Sobirjonov va A.Xolmatovlar tomonidan taqdim etilgan chet el valyuta qimmatliklari ko‘zdan kechirilganda ularning umumiy miqdori bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilganidek 635 ming AQSH dollari emas, balki 27 ming 262 AQSH dollari ekanligi aniqlandi.
Barchamizga ma’lumki, chet el valyutalari qimmatliklarini chegaradan olib o‘tishning tartib-qoidalari bor. Afsuski, G‘. Boboyev, B.Sobirjonov va A.Xolmatovlar bojxonachilarni soxta hujjatlar bilan aldab, mo‘may daromad topish rejasini tuzishadi. Ular 29 ming 962 AQSH dollarini bojxona nazoratidan yashirincha O‘zbekiston Respublikasi “Rishton” chegara bojxona posti orqali “o‘zbek-qirg‘iz” davlat chegaralari kesishgan neytral hududga olib o‘tishgan. Bu yerda ular ajratib olingan pullarni 32 ta bog‘lamga bo‘lib, bog‘lamlarning ustiga 100 kupyurali, orasiga esa 1 kupyurali AQSH dollarini joylashtirgan. Go‘yoki O‘zbekistonga juda ko‘p miqdordagi chet el valyuta qimmatliklarini olib kirayotgan fuqaro sifatida postga qaytib kelib, 315 ming va 320 ming AQSH dollari miqdorida chet el valyuta qimmatliklari borligini ko‘rsatib, muayyan huquq beradigan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasiga soxta yozuvlar kiritgan. Tadbirda esa ularning qilmishlari fosh bo‘ldi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Rishton tuman sudi tominidan mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, sudlanuvchilarga tegishli jazo tayinlandi.
M.Sulaymonov, O‘zA