Ahmad Yassaviy merosi - turkiy xalqlarni birlashtiruvchi ma’naviy qadriyat
Toshkentda buyuk mutafakkir Ahmad Yassaviyning ilmiy-ma’naviy merosi va uning turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdagi ahamiyatiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjuman O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti huzuridagi Yassaviy ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida o‘tkazildi.

Ahmad Yassaviy Markaziy Osiyoda islom ma’rifati va tasavvuf taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan mutafakkir, mutasavvif va shoir sifatida turkiy xalqlarning mushtarak ma’naviy-madaniy merosida alohida o‘rin egallaydi. Uning nomi bilan bog‘liq «Devoni hikmat» asari va Yassaviya tariqati islom ta’limotining turkiy tilda keng yoyilishi, insonparvarlik, bag‘rikenglik, ma’rifatparvarlik hamda ma’naviy kamolot g‘oyalarining qaror topishida muhim ahamiyat kasb etgan.
Ushbu boy ma’naviy meros asrlar davomida Markaziy Osiyo, Qozog‘iston, Volgabo‘yi va Anadolu hududlarida yashovchi turkiy xalqlarning ma’naviy hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Turkiston shahrida joylashgan Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasining YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani ham bu tarixiy obidaning nafaqat mintaqaviy, balki jahon madaniy merosidagi yuksak o‘rnini namoyon etadi.

Konferensiyaning asosiy maqsadi Ahmad Yassaviy va Yassaviya tariqatining ilmiy-ma’naviy merosini zamonaviy tadqiqot yondashuvlari asosida o‘rganish, uning turkiy xalqlar tarixiy-madaniy taraqqiyoti va mushtarak qadriyatlar shakllanishidagi o‘rnini ochib berish, shuningdek, turkiy davlatlar o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va ma’naviy hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
- Anjuman doirasida Ahmad Yassaviy merosining tarixiy ahamiyati, Yassaviya tariqatining turli mintaqalar ma’naviy hayotiga ta’siri, bag‘rikenglik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarining bugungi kundagi dolzarbligi, shuningdek, turkiy xalqlar o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, – dedi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dekani G‘ayrat Rasulov.
Konferensiya ishi qator sho‘’balarda ham davom etdi. Xususan, «Ahmad Yassaviy merosi: tarixiy manbalar, ilmiy tadqiqotlar va zamonaviy metodologiya», «Ahmad Yassaviy merosida komil inson shaxsiyatini tarbiyalashning ahamiyati», «Yassaviy merosida turkiy xalqlarning tarixiy-madaniy mushtarakligi» hamda «Turkiy davlatlarning ilmiy-ma’rifiy hamkorligining bugungi kundagi ahamiyati» mavzularida fikr va tajriba almashildi.

Ma’ruzalar va muhokamalar davomida Yassaviy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy manbalarni ilmiy muomalaga kiritish, uning umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘un jihatlarini keng yoritish, shuningdek, xalqaro ilmiy aloqalarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur yo‘nalishlardagi hamkorlikni kengaytirish turkiy xalqlarning mushtarak tarixiy xotirasi va ma’naviy merosini kelajak avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va boshqa turkiy davlatlar o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, ilmiy va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishda mushtarak tarixiy xotira, ma’naviy meros va umumiy qadriyatlar muhim o‘rin tutadi. Shu nuqtai nazardan, Ahmad Yassaviy merosini xalqaro miqyosda tadqiq etish va keng targ‘ib qilish xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro anglashuv va ishonchni mustahkamlash, ilmiy-madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Shu ma’noda, mazkur konferensiya buyuk mutafakkir merosini chuqur anglash, uning bugungi jamiyat uchun ahamiyatini ochib berish hamda turkiy davlatlar o‘rtasidagi ma’naviy va ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim ilmiy muloqot maydoni bo‘ldi.
N.Usmonova,
O‘zA