“So‘nggi qo‘ng‘iroq” – mustaqil hayot sari qadam
Bugun respublikamizning barcha hududlaridagi ta’lim muassasalarida “Yuksak ma’rifatli avlod – Uchinchi Renessans poydevori” shiori ostida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Navoiy viloyatidagi mavjud 367 ta umumta’lim, 1 ta Prezident va 7 ta ixtisoslashtirilgan maktabda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari tashkil etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, umumta’lim maktablarini 12 ming 207 nafar o‘quvchi tamomlamoqda.Ularning 368 nafari oltin, 124 nafari esa kumush medal bilan tugatmoqda.
Joriy yilda umumta’lim maktablari bitirayotgan o‘quvchilarning 484 nafari maksimal ballni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin grant asosida talaba bo‘ldi. Shuningdek, 40 nafar o‘quvchi dunyoning “TOP-500” talikka kirgan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi.
Navoiy shahridagi 16-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov ishtirok etib, Yurtboshimizning maktab bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Tabrikda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tirof etilib, yoshlarimiz uchun oliy ta’lim muassasalarida o‘qib, bilim va tajriba to‘plashlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilganligi ta’kidlangan.
[gallery-29615]
Jumladan, Yurtboshimiz tabrigida shunday deyiladi: “...bugungi bitiruvchi – ertangi muhandis, shifokor, olim, shoir va adib, tadbirkor degani. Bugungi bitiruvchi – Uchinchi Renessans bunyodkori degani. Sizlar Yangi O‘zbekistonning eng katta ishonchi va tayanchisiz.
O‘zingiz ko‘ryapsiz, bugun hayot ham, mehnat bozoridagi talab ham shiddat bilan o‘zgarib bormoqda. Yangi-yangi kasblar paydo bo‘lyapti. Til, kasb, kompyuter savodxonligi va mustaqil daromad topish ko‘nikmasini egallash muhim zaruratga aylanmoqda. Mehnat bozori endi, avvalo, “hujjat” emas, amaliy bilim, malaka va natija so‘rayapti.
Bugun qishloqdagi oddiy maktab bitiruvchisi ertaga dunyo tan oladigan olim bo‘ladi. Bugun oldiga katta maqsadlar qo‘ygan, intiluvchan, izlanuvchan yoshlarimiz ertaga millionlab insonlarga xizmat qiladigan texnologiyalarni yaratadi. Bugun kitob o‘qiyotgan bir qizaloq ertaga mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadigan farzandlarni tarbiyalaydi.
Shu bois, har biringiz kamida bittadan xorijiy til va zamonaviy kasbni egallashga harakat qiling. Bu kelajakka ochilgan eshik, siz uchun qo‘shimcha imkoniyat va rag‘batdir...”
– Bugun maktabimizning 11-sinfini 187 nafar o‘quvchi tamomlab, mustaqil hayotga qadam qo‘ymoqda, – deydi Navoiy shahridagi 16-ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktab direktori Nozima Tog‘ayeva. – Bitiruvchilarimizning 42 nafari 189 ballni qo‘lga kiritib muddatdan oldin talaba bo‘ldi. 151 nafar o‘quvchimizda esa 405 ta xalqaro va milliy sertifikatlar mavjud. 2 nafar o‘quvchimiz xorijiy davlatlardagi nufuzli TOP - 100 talik oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi.
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida bitiruvchi yoshlar ustozlariga minnatdorlik bildirdi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA