So‘nggi qo‘ng‘iroq: unutilmas va hayajonli lahzalar
Andijon viloyatidagi 828 ta umumta’lim, davlat ixtisoslashtirilgan hamda nodavlat maktablarida “Yuksak ma’rifatli avlod – Uchinchi Renessans poydevori” shiori ostida so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Pedagoglar, o‘quvchilar, ularning ota-onalari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirlarda mamlakatimizda umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya jarayonini bugungi kun talabi darajasida tashkil etish, o‘quvchi yoshlarga puxta bilim berish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, buning samarasi o‘laroq, ta’lim sifati va samaradorligi, erishilayotgan yutuqlar ko‘lami yildan-yilga ortib borayotganligi qayd etildi.
Bu yil viloyatdagi umumta’lim, ixtisoslashtirilgan hamda nodavlat maktablarini 43 ming 296 nafar o‘quvchi tamomlamoqda. Ularning 1 ming 200 nafardan ortig‘i maktabni oltin va kumush medallar bilan yakunlamoqda. Bundan tashqari, ko‘plab o‘quvchilar milliy va xalqaro sertifikat sohibi bo‘lib, muddatidan avval oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lish imkonini qo‘lga kiritgan.
Bugun viloyatdagi barcha umumta’lim muassasalarida so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlari yuqori ko‘tarinkilik bilan bo‘lib o‘tdi.
Andijon shahridagi 7-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbiri O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi ijrosi bilan boshlandi. Prezidentimizning bitiruvchilarga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.
Shundan so‘ng bitiruvchilarni Andijon shahar hokimligi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mutasaddilari, maktab direktori Gulnora Zohidova, ota-onalar vakillari muborakbod etdi.
[gallery-29619]
– Joriy o‘quv yilida maktabimizda 886 nafar o‘quvchi tahsil oldi, – deydi maktab direktori Gulnoraxon Zohidova. – Bu yil 11-sinfni 82 nafar, 9-sinfni 75 nafar o‘quvchi maktabni muvaffaqiyati tamomlamoqda. Bir dunyo orzular bilan katta hayotga qadam qo‘yayotgan o‘quvchilarimizning aksariyati oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettirish niyatida. Yana bir guruhi o‘zi tanlagan yo‘nalishda tadbirkorlik qilish, o‘rgangan kasbi bo‘yicha ishlashni niyat qilgan. Ishonamanki, ularning barchasi yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan insonlar bo‘lib kamol topadi.
Tadbirda bitiruvchilarni ustozlari, keng jamoatchilik vakillari, ota-onalar muborakbod etdi. Maktabni a’lo baholarga tamomlayotgan bir guruh faol o‘quvchilar, shuningdek, bitiruvchilarning ota-onalari maktab ma’muriyati tomonidan faxriy yorliq, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Bitiruvchilar tomonidan namoyish etilgan badiiy dastur, o‘quvchilarning ona yurt, maktab, ustozlar va yoshlik haqida o‘qigan she’rlari davraga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
– Men maktabni a’lo baholarga tamomlash bilan birga, ingliz tili bo‘yicha xalqaro, o‘zbek tili va adabiyoti fani bo‘yicha milliy sertifikat olgandim, – deydi 11-sinf bitiruvchisi Rayona Xotamboyeva. – Bu albatta, kelgusida o‘zim o‘qishni xohlagan Chet tillar oliy o‘quv yurtiga kirishim uchun keng imkoniyat beradi. Katta hayotga qadam qo‘yayotgan biz yoshlar kelgusida o‘zimiz tanlagan sohaning malakali mutaxassisi bo‘lishga, ustozlarimiz, ota-onamizning ishonchini oqlashga, yurtimiz ravnaqiga xizmat qiladigan insonlar bo‘lishga astoydil harakat qilamiz.
Bu kabi so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlari viloyatdagi barcha umumta’lim maktablarida bo‘lib o‘tdi.
F. Ubaydullayev,Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.