Soliqchilar oʻrtasida mini-futbol
Bugungi kunda yurtimizda sport bilan shugʻullanish ommaviy harakatga aylandi.
Bugungi kunda yurtimizda sport bilan shugʻullanish ommaviy harakatga aylandi. Tashkilot va muassasalar ishchi xizmatchilari oʻrtasida tashkil etilayotgan sport musobaqalari, avvalo, ularning salomatligini mustahkamlash, xizmatda yangi marralarni zabt etishga undaydi.
Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26 yilligiga bagʻishlab soliq idoralari xodimlari oʻrtasida mini-futbol boʻyicha musobaqa tashkil etildi. Sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish va bu orqali xodimlarning salomatligini mustahkamlash maqsadida oʻtkazilgan musobaqada jami 16 ta jamoa toʻp surdi.
Ushbu musobaqa anʼanaviy tarzda har yili oʻtkazilib kelinmoqda va qamrovi yil sayin kengaymoqda. Oʻtgan yilgi bahslardagi xatolardan chiqarilgan xulosalar, orttirilgan tajriba, jamoalardagi yangilanishlar bu yilgi musobaqa saviyasini yanada oshirdi. Ayniqsa, Qamashi, Koson, Kasbi va Qarshi tumanlari jamoalari oʻyinlarida bu yaqqol sezildi. Gʻuzor-Mirishkor, Qamashi-Koson, Kasbi-Qarshi tumanlari uchrashuvi hayajonli onlarga boy boʻldi.
Musobaqa natijalariga koʻra ikkinchi oʻrin Qamashi, uchinchi oʻrin Koson tumani davlat soliq inspeksiyasi jamoalariga nasib etdi. Musobaqa kubogini viloyat davlat soliq boshqarmasi jamoasi qoʻlga kiritdi. Gʻolib jamoalarga viloyat davlat soliq boshqarmasining faxriy yorliq, diplomlari hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.