Qadimiy Karmananing “oq-qora xotiralari”
Navoiy viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan Karmana tumani davlat arxivi binosida “O‘tmishdan qolgan tasvirlar - Qadimiy Karmana” mavzusida foto ko‘rgazma tashkil etildi.
Unda XIX asr oxiri va XX asr boshlariga oid noyob fotosuratlar keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi.
Tarixni anglash, avlodlar xotirasini asrash va o‘tmish saboqlarini kelajakka yetkazishda arxiv hujjatlarining o‘rni beqiyos. Ayniqsa, tarixiy voqelikni bevosita aks ettirgan fotosuratlar o‘tgan davr hayoti, insonlari, me’moriy qiyofasi va ijtimoiy muhiti haqida jonli tasavvur uyg‘otadi. Bir qarashda oddiy qora-oq tasvirdek tuyulgan suratlar zamirida esa butun bir davr tarixi mujassam.
Mazkur ko‘rgazmaning ahamiyati shundaki, unda Karmananing bugungi avlod ko‘zi bilan ko‘rish imkonsiz bo‘lgan qadimiy qiyofasi, tarixiy ko‘chalari, masjid va madrasalari, saroylari, chorbog‘lari, bozorlari hamda turli me’moriy inshootlari aks etgan. Qora-oq suratlar orqali bir asrdan ortiq vaqt avvalgi shahar hayotini ko‘z oldimizga keltirish mumkin.

– Har bir fotosurat o‘ziga xos tarixiy manba, – deydi viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sayyora Bekova. – Ularda nafaqat shaharning me’moriy ko‘rinishi, balki o‘sha davr odamlarining hayot tarzi, kiyinishi, mehnat jarayoni, hunarmandchiligi, savdo-sotiq munosabatlari, sayil va bayramlari ham aks etgan. Jamoat arboblari, ma’rifatparvarlar, ziyolilar va oddiy aholi vakillarining qiyofalari esa davrning ijtimoiy muhiti haqida muhim tasavvur beradi.
Ko‘rgazmada mang‘it amirlarining yettinchi hukmdori Amir Ahadxon va uning farzandi, Buxoro amirligining so‘nggi amiri Olimxonning Karmanadagi hukmronlik davri bilan bog‘liq tarixiy tasvirlarga ham alohida o‘rin berilgan. Ularning Karmanada qurdirgan saroylari, bog‘ va chorbog‘lari, o‘sha davrga xos me’moriy inshootlar suratlarda muhrlangan.
Ko‘rgazma materiallarini tayyorlashda Karmana tarixi bilan bog‘liq turli arxivlarda saqlanayotgan hujjatlar, ilmiy asarlar va fotosuratlardan foydalanilgan.

Foto ko‘rgazma doirasida arxiv mutaxassislari tomonidan fotohujjatlarning kelib chiqish tarixi, ularni saqlash va qayta tiklash jarayonlari haqida ma’lumotlar berildi.
Arxivlarda saqlanayotgan har bir hujjat va fotosurat muayyan davrning guvohi hisoblanadi. Vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib ketgan ko‘chalar, yo‘qolgan binolar, qayta qurilgan mahallalar yoki bugungi kungacha yetib kelmagan me’moriy obidalarni aynan ana shu manbalar orqali tasavvur qilish mumkin. Shu jihatdan, tarixiy fotosuratlarni saqlash, o‘rganish va keng jamoatchilikka taqdim etish milliy xotirani asrashning muhim shakllaridan biridir.
Ko‘rgazma doirasida tarixchi olim, tarix fanlari doktori Jasur Savriyev tomonidan arxivga 300 ga yaqin turli shakldagi hujjatlar topshirildi.

– Mening o‘zimning shaxsiy fondimda Karmananing qadimiy tarixiga oid 300 ga yaqin fotofaktlar mavjud bo‘lib, ularni asosan ilmiy ishim davomida turli xildagi davlat arxivlaridan, jamoatchilik vakillaridan hamda tegishli tashkilotlardan yig‘ishga muvaffaq bo‘lganman, – deydi J.Savriyev. – Ushbu fototasvirlarni bugungi kunda alohida bir shaxsiy fond qilib, Karmana tuman davlat arxiviga topshirdim. Bu hujjatlar Karmana tarixi bilan bog‘liq ilmiy tadqiqot ishlarini olib boradigan yoshlarimizga ilmiy manba bo‘lib xizmat qiladi, degan umiddaman. Ilmiy ishimning mavzusi Navoiy viloyatidagi tarixiy yodgorliklarni ta’mirlash, ularni tiklash mavzusida bo‘lgan. Ilmiy ishimni yozish jarayonida ko‘plab insonlarning uylariga borib, ular bilan suhbatlashganman. Ularda asrab qolingan, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan foto suratlarning nusxalari, ayrimlarining asl nusxalarini, ayrimlarining esa fotonusxalarini olishga musharraf bo‘lganman. Ularni yaxlit bir tizimga keltirib, mana, bugungi kunda tumanimizdagi arxivga topshirdim.

Karmana tarixi – birgina hudud yoki bir avlod tarixi emas. U O‘zbekistonning ko‘p asrlik davlatchilik, madaniyat va ma’rifat tarixining muhim sahifalaridan biridir. Shu bois tug‘ilib o‘sgan yurtimiz tarixini bilish, uning kechagi kunidan xabardor bo‘lish har birimiz uchun muhim. O‘tmishni anglash bugungi taraqqiyotning qadrini to‘g‘ri baholash, milliy o‘zlikni yanada chuqurroq his etishga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri