Sog‘lom ayol – sog‘lom jamiyat
Andijonda o‘tkazilgan ayollar o‘rtasidagi sport festivalining viloyat bosqichida 16 jamoa o‘zaro bahslashdi.
Andijonda o‘tkazilgan ayollar o‘rtasidagi sport festivalining viloyat bosqichida 16 jamoa o‘zaro bahslashdi.“Sog‘lom ayol – sog‘lom jamiyat” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida aholi salomatligini mustahkamlash, ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilish va xotin-qizlarni sportga keng jalb etishga qaratilayotgan ulkan e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
– Ayni paytda viloyatdagi 4 mingdan ziyod sport inshootida 20 mingdan ziyod ayol o‘zi yoqtirgan sport turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda, – deydi viloyat hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzuraxon Yunusova. – 110 ming nafarga yaqin xotin-qizlar ommaviy sport turlariga jalb etilgan. Bu, o‘z navbatida, oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, aholi salomatligini mustahkamlash, jismonan va ma’nan barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilayotir.
Festivalda xotin-qizlar sportning voleybol, yengil atletika, stol tennisi, shaxmat, suzish, darts, gimnastrada turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi. Andijon shahar vakillari umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Oltinko‘l tumani jamoasi ikkinchi, izboskanlik ayollar uchinchi o‘rinni egalladi.
Tadbir doirasida bir qator nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi. G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.