Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?
Yurtimiz miqyosida o‘tkazilayotgan shu nomdagi respublika ko‘rik-tanlovining Samarqand viloyati bosqichida tuman-shahar bosqichlarida g‘olib deb topilgan jamoalar o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyish etishdi.
Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31 maydagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, jamiyatda yoshlarning ekologiyaga oid huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Tanlov nizomiga ko‘ra, unda respublikamizning barcha umumta’lim maktablarining yuqori sinf hamda kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilari qatnashmoqda.
Tanlovning umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan Samarqand viloyati bosqichida 14 jamoa to‘rt shart bo‘yicha o‘zlarining ekologik bilim va ko‘nikmalarini namoyish etishdi.
– Tanlov shartlari avvalo o‘z yashash hududimizdagi ekologik vaziyatga jiddiy e’tibor qaratishga, umuman olganda o‘quvchi yoshlar ongida ona tabiatga mehr uyg‘otishga undaydi, – deydi Kattaqo‘rg‘on shahridagi 8-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Dilnoza Sharipova. – Tanlovga tayyorgarlik ko‘rish bahonasida maktabimiz, yashash hududimiz, yaqin atrofdagi ekologik vaziyatni jamoamiz bilan o‘rgandik. Birinchi navbatda, inson hayoti uchun toza havo zarur. E’tibor bering, atrofingizda sizga toza havo — kislorod ishlab chiqarish uchun daraxtlar yetarlimi? Ona tabiat deymizu, unga munosabatimizni o‘zgartirmaymiz. Oqibatda adog‘i ko‘rinmas ekologik muammolar girdobiga g‘arq bo‘lib borayapmiz. Biz o‘z chiqishimizda mavjud muammolarga murosasiz yondashish, sho‘rlanishga qarshi qanday usullardan foydalanish zarurligi borasidagi loyihalarimizni taqdim etdik.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, tanlov g‘olibligini Samarqand shahridagi 30-umumta’lim maktabi jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni Kattaqo‘rg‘on shahrining 8-umumta’lim maktabi jamoasi, uchinchi o‘rinni esa Urgut tumanidagi 36-umumta’lim maktabi jamoasi egalladi.
[gallery-21992]
Umumta’lim maktablari jamoalari o‘rtasidagi respublika bosqichi 10-12 mart kunlari Samarqandda o‘tkazilishi belgilangan.
Ayni paytda tanlovning kasbiy ta’lim muassasalari jamoalari o‘rtasida Samarqand viloyati bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur yo‘nalishning respublika bosqichi 17-19 mart kunlari Xorazm viloyatida tashkil etiladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari