Sirdaryoda “Mard o‘g‘lon”lar saralandi
Sirdaryo viloyatida yoshlar salohiyatini yuksaltirish, ularning jamiyatdagi o‘rni va faolligini oshirishga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri — “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti uchun hududiy saralash bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi. Viloyat Yoshlar markazida bo‘lib o‘tgan mazkur tanlov nafaqat iqtidorli yigitlarni aniqlash, balki ularning kelgusidagi rivoji uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qildi.
Joriy yilgi viloyat bosqichida hududning barcha shahar va tumanlaridan saralab olingan 31 nafar faol va iqtidorli yosh ishtirok etdi. Ular fan va ta’lim, tibbiyot, madaniyat va san’at, adabiyot, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat hamda huquqni muhofaza qilish sohalarida erishgan yutuqlari bilan o‘z salohiyatini namoyon etdilar.
Saralash jarayoni ochiqlik va adolat tamoyillari asosida tashkil etildi. Mutaxassislardan iborat komissiya tomonidan nomzodlarning bilim darajasi, ijtimoiy faolligi, tashabbuskorligi va yetakchilik qobiliyati atroflicha baholandi. Ayniqsa, o‘z tengdoshlariga ibrat bo‘layotgan, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan yoshlar alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
– “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sirdaryolik yoshlar uchun yuksak e’tirof timsoli hisoblanadi. “U nafaqat yoshlarni rag‘batlantiradi, balki ularni yangi yutuqlarga ilhomlantiradi, Vatanga sadoqat, fidoyilik va mas’uliyat kabi fazilatlarni mustahkamlaydi. Bugungi kunda viloyatda ana shunday tashabbuskor va intilishli yoshlar safining kengayib borayotgani, ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar samarasini yaqqol namoyon etmoqda, – deydi Yoshlar ishlari boshqarmasi mas’ul xodimi Mirasatullo Mirikromov.
Bugungi kunda viloyatda ana shunday tashabbuskor va intiluvchan yoshlar safining kengayib borayotgani, ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar samarasini yaqqol namoyon etmoqda. “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti esa bu borada yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishning muhim vositalaridan biri sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
Saralash natijalariga ko‘ra, eng munosib deb topilgan nomzodlar respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Ular endi nafaqat o‘z hududi, balki butun mamlakat miqyosida o‘z bilim va salohiyatini namoyon etish imkoniga ega bo‘ladilar.
Shubhasiz, “Mard o‘g‘lon” tanlovi kabi nufuzli tashabbuslar yoshlarning orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularni jamiyatda munosib o‘rin egallashga ruhlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri