Kelajak posbonlari bilan muloqot
Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi Mirzaobod tumanida joylashgan Safarbarlik chaqiruv rezervi batalyonida yoshlar bilan mazmunli va amaliy ahamiyatga ega uchrashuv tashkil etildi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat Kengashi hamda Guliston harbiy prokuraturasi hamkorligida o‘tkazilgan “Rahbar va yoshlar” muloqoti kelajak egalari uchun muhim tajriba maktabiga aylandi.
Mazkur tadbirda Mirzaobod tumanidagi umumta’lim maktablari hamda Guliston tumani ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchi-yoshlari faol ishtirok etdilar. Ular harbiy qism hayoti, xizmat sharoitlari va harbiy kasbning o‘ziga xos jihatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
[gallery-28877]
Uchrashuv Guliston harbiy prokurori Farrux Jumayev va Safarbarlik chaqiruv rezervi batalyoni komandiri rahbarligida o‘tkazilib, tadbir davomida yoshlarga harbiy xizmatning sharafli va mas’uliyatli jihatlari, Vatan himoyasining muqaddas burch ekani, shuningdek, yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Ayniqsa, vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish, yoshlarning faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
– Bu uchrashuv menda katta taassurot qoldirdi. Harbiy xizmatning nafaqat mas’uliyat, balki yuksak sharaf ekanini yanada chuqurroq angladim. Kelajakda Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilish orzusi yanada mustahkamlandi, – deydi Mirzaobod tumanidagi 31- sonli maktabning 11- sinf o‘quvchisi Rasuljon Qodirov.
Samimiy va ochiq ruhda kechgan muloqot yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularda Vatanga sadoqat, fidoyilik va daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi. Shu bilan birga, bu kabi uchrashuvlar yoshlarning kelgusida to‘g‘ri kasb tanlashi, jamiyatda munosib o‘rin egallashiga ham zamin yaratayotgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA